O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1995 YILNING I YaRIM YILIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNING BORIShINI BAHOLASh VA ULARNI YaNADA RIVOJLANTIRIShGA DOIR ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, 1995-yilning 1 yarim yilida iqtisodiyotning barcha sohalarini izchil o‘zgartirish, Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 14-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning ustuvorliklarini va asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini aksiyalashtirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar ancha faollashtirildi.
Ko‘p ukladli iqtisodiyot shakllandi: tovarlar, sarmoya va qiymatli qog‘ozlar bozorlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Barcha korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasining deyarli butun hajmi nodavlat sektori ulushiga to‘g‘ri keldi.
Islohotlarning borishini baholashga yangicha yondashishlar hamda uning ko‘rsatkichlari tizimi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Ular asosida mintaqalar va tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Vazirlar Mahkamasi majmuilari majlislarida ko‘rib chiqildi. Hisobot ma’lumotlarining ishonchliligi ancha oshdi va mulkchilikning barcha shakllaridagi hisobot beruvchi korxonalar va tashkilotlar doirasi kengaydi.
Amalga oshirilayotgan budjet va pul-kredit siyosati natijasida respublikada moliyaviy va iqtisodiy barqarorlik ta’minlandi, milliy valyuta mustahkamlandi, Davlat budjeti defitsiti umuman yarim yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,6 foizni tashkil qildi. Inflatsiya darajasi keskin qisqardi — yil boshidagi 16-17 foiz o‘rniga u iyun oyida 1,9 foizgacha qisqardi.
Emissiyaning naqd pul muomalasidagi salmog‘i I chorakdagiga nisbatan ikki baravar pasaydi. Veksel tizimining oborotga joriy qilinishi debitorlik va kreditorlik qarzining ancha qismini to‘lash imkonini berdi.
Ustuvor tarmoqlar, eng avvalo bazaviy tarmoqlash ishlab chiqarishi tarkibida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Neft, gaz o‘tgan yildagiga qaraganda ko‘p qazib olindi, respublika xomashyo resurslaridan neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshdi. Yalpi g‘alla hosili sezilarli darajada — 1,9 baravar o‘sdi, sabzavot, meva, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotining yalpi hajmi yarim yillikda o‘tgan yilning tegishli davridagiga nisbatan 110,7 foizni tashkil etdi.
Xorijiy mamlakatlar bilan tashqi savdo oboroti o‘smoqda, u o‘tgan yilning tegishli davridagiga nisbatan 46,5 foizga ko‘paydi. MDH mamlakatlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarda ijobiy saldo ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, xalq xo‘jaligining bir qancha tarmoqlarida islohotlar jarayoni nihoyatda sust va rasmiyatchilik bilan amalga oshirilmoqda, asosiy e’tibor miqdoriy tomonga qaratilmoqda.
Uyushmalar, konsernlar va korporatsiyalar, hokimliklarning rahbarlari tarkibiy nomutanosibliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga, ishlab chiqarish pasayishi, sotilmay qolgan mahsulot qoldig‘i ko‘payishi sabablarini o‘rganib chiqishga yetarli e’tibor berishmayapti. Ular korxonalarni modernizatsiyalash va texnika bilan qayta jihozlash, eksportga yo‘naltirilgan raqobat-bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish, iste’mol bozorini tovar bilan to‘ldirish, korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish, o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishmayapti. Zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning soni ko‘paymoqda — ular 1995-yilning I choragidagi 695 tadan 745 taga yetdi.
Samarqand, Farg‘ona, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlarida va Toshkent shahrida sanoat mahsulotlari va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va sotish qoniqarsiz tashkil etilgan. Namangan, Buxoro va Jizzax viloyatlarida naqd pul emissiyasini qisqartirish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmadi.
Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyot faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi (Jumaniyozov), Buxoro (Rahmonov) va Farg‘ona (Islomov) viloyatlari hokimlariga, “O‘zmashsanoat” uyushmasi (Sobirov), “Maxsus-qotishma” respublika birlashmasi (Maqsudov), “O‘zsuvqurilish” konserni (Jumanazarov), “Ko‘mir” aksionerlik birlashmasi (Leleko) rahbarlariga islohotlarni chuqurlashtirish, bozor munosabatlarini joriy etish, faoliyatining moliyaviy, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, konyunkturani va ishlab chiqarilgan mahsulot sotiladigan bozorni o‘rganishga doir ishlar ular tomonidan qoniqarsiz amalga oshirilayotganligi ko‘rsatib o‘tilsin.
Ularga yuzaga kelgan nomutanosiblikni bir oy muddatda bartaraf etish va moliyaviy-iqtisodiy barqarorlashtirishning aniq dasturlarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilsin.
2. Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (Mixaylov), “O‘zboshyog‘ochqurilishsanoat” boshqarmasi (Haitov), “O‘zbektransqurilish” uyushmasi (Omelnitskiy) va “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi (Zokirov) rahbarlari bir oy muddatda tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarni xususiylashtirish va ularni ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarining bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsinlar va bajarilishini Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilsinlar.
3. “O‘zavtotrans” korporatsiyasi (Axmetov) 1995-yilning ikkinchi yarmida yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi korxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, vazirliklar, uyushmalar, konsernlar va korporatsiyalar bilan birgalikda qurilishi tugallanmagan obyektlar ro‘yxatini bir oy muddatda aniqlasin va ularni sotish uchun kimoshdi savdosiga qo‘ysin.
5. “O‘zsanoatqurilishbank” (Ibodov) Hukumatlararo bitimlarga ko‘ra MDH mamlakatlaridan yetkazib berilayotgan mahsulotlar uchun mablag‘larni korrespondent schyotlardan o‘tkazishni iste’molchi korxonalar oldindan to‘lovni “O‘zulgurjibirjasavdo”ning hisob-kitob schyotiga so‘mlarda o‘tkazganlaridan so‘nggina amalga oshirsin.
6. Moliya vazirligi, Markaziy bank, “Paxta-bank”, Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘n kun muddatda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 1995-yil paxta hosili uchun veksellar chiqarilishi to‘g‘risidagi takliflarni, bu veksellar bilan qishloq xo‘jaligi texnikasi, yonilg‘i-moylash materiallari, kimyoviy preparatlar yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitobni amalga oshirishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bir oy muddatda ish bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan va xususiy ish tashkil etishni xohlovchilar bilan ishlashni tashkil qilish to‘g‘risida nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda qaytarish asosida, Ish bilan ta’minlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutsin.
8. Zarar ko‘rib ishlovchi korxonalarni tugatish respublika komissiyasi (Hamidov) tijorat banklari ishtirokida zarar ko‘rib ishlovchi korxonalar ro‘yxatini shu yil 20-avgustgacha aniqlasin hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda ularni bankrot deb e’lon qilsin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudiga tijorat banklarining bankrot korxonalar bo‘yicha taqdimnomalarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qaror qabul qilish tavsiya etilsin.
Oliy xo‘jalik sudi tomonidan bankrot deb e’tirof etilgan korxonalar ro‘yxati ommaviy axborot vositalarida keng e’lon qilinsin.
9. Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda joylarda korxonalar va tashkilotlar uchun joriy etilgan barcha qo‘shimcha yig‘imlar hamda to‘lovlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazsinlar. Ayni vaqtda amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan yig‘imlar va to‘lovlar bekor qilinsin, “Mahalliy soliqlar to‘g‘risida”gi Qonunni buzgan shaxslar esa ma’muriy javobgarlikka tortilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda naqd pulning bankdan tashqari oborotini kamaytirish mexanizmiga doir takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi:
bir oy muddatda mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar uchun statistik hisobotlarning yangi shakllarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda ularni bir shaklga keltirishni va ancha soddalashtirishni nazarda tutsin;
yil oxirigacha hududiy, tarmoq va respublika darajalarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini tahlil qilish va islohotlarning borishini baholash bo‘yicha metodik tavsiyanomalarni puxta ishlab chiqsin va nashr etsin.
12. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, uyushmalar, korporatsiyalar, korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda eksportga mo‘ljallangan va tashqi bozorlarda raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar va ustuvor loyihalarni ishlab chiqsinlar va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
Pul-kredit siyosati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi komissiyasi (Hamidov) Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarishga zarur budjet va kredit mablag‘lari, shu jumladan, erkin almashtiriladigan valyuta mablag‘lari birinchi navbatda ajratilishini nazarda tutsin.
“O‘zdavstandart” markazi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy etalon bazasini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsin.
13. Mashinasozlik, kimyo va metallurgiya majmui (Paygin), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar va korporatsiyalar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga o‘z ilmiy ishlanmalarimiz asosida, xorijiy firmalar litsenziyalari bo‘yicha respublikada mashinalar va asbob-uskunalar, mini-texnologiyalarning ilg‘or turlarini, raqobatga bardoshli tayyor buyumlarni ishlab chiqarish yuzasidan takliflar kiritsinlar hamda 1996-yildan boshlab ularning ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ysinlar.
14. Meva-sabzavot mahsulotlarini sotishni tashkil etish respublika komissiyasi (Jo‘rabekov), “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” (Nosirov), “O‘ztayyorlovsavdo” (Qurbonov) uyushmalari viloyatlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini respublika bozorlarida hamda MDH mamlakatlarida sotishni jadallashtirish uchun ularni tayyorlash tizimini tashkil etishni tubdan yaxshilasinlar va jamoa xo‘jaliklari, fermyerlar va aholidan sotib olishni ta’minlasinlar.
15. O‘zbekbirlashuv va “O‘zbeksavdo” uyushmasi rahbarlari Moliya vazirligi, tegishli idoralar bilan birgalikda omborlarda uzoq muddat saqlanayotgan tovarlarni sotish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar va ularni 1995-yil uchinchi choragi mobaynida amalga oshirsinlar.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari shu yil 1-sentabrgacha korxonalar, tashkilotlar va xo‘jaliklarni 1995/96 yilning kuz-qish davrida ishlashga o‘z vaqtida tayyorlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar va ularni amalga oshirishni ta’minlasinlar.
17. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar va idoralar tomonidan qonun asosida qabul qilingan normativ hujjatlar va yo‘riqnomalarni ikki oy muddatda tahlil etib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonunchilik normalariga zidligi aniqlangan qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 31-iyul,
298-son