O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOZOR ISLOHOTLARI TALABLARINI HISOBGA OLGAN HOLDA QISHLOQ YOSHLARI KASB-HUNAR TA’LIMINING YO‘NALISHINI O‘ZGARTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloqda xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq yoshlarini faol tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va rag‘batlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ijtimoiy himoya qilishga oid vazifalarni amalga oshirish va ularni bozor iqtisodiyoti sharoitlarida zarur kasb-hunar va mutaxassisliklarni egallash imkoniyati bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, hunar-texnika bilim yurtlari va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
qishloqdagi hunar-texnika bilim yurtlari faoliyati yo‘nalishini, ularni tadbirkorlik o‘quv markazlari — kasb-hunar litseylari va biznes-maktablarga, maxsus o‘quv yurtlarini kichik va o‘rta biznes, fermer xo‘jaliklari, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kollejlarga aylantirgan holda, tubdan o‘zgartirishni amalga oshirsinlar;
20 kun muddatda bozor islohotlari talablarini hisobga olgan holda qishloq hunar-texnika bilim yurtlari va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari yo‘nalishini o‘zgartirish Kompleks dasturini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar. Ayni vaqtda quyidagi birinchi navbatdagi masalalarni hal etishga alohida e’tibor berilsin:
a) 1995-yil 10-avgustgacha tadbirkorlik o‘quv markazlari — kasb-hunar litseylari va biznes-maktablarga aylantiriladigan respublika qishloq hunar-texnika bilim yurtlarining, kichik va o‘rta biznes, fermer xo‘jaliklari, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kollejlarga aylantiriladigan o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining aniq ro‘yxatini belgilasinlar;
b) 1995-yil 1-sentabrdan boshlab har bir qishloq tumanida ko‘rsatilgan turdagi o‘quv yurtining kamida bittasi faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasinlar;
v) 1995/96 o‘quv yilidan boshlab viloyat markazlaridagi oliy o‘quv yurtlari huzurida qishloq hunar-texnika bilim yurtlari negizida kamida bitta biznes-maktab ochsinlar;
g) 1995/96 o‘quv yilidan boshlab qayta tashkil etilgan o‘quv yurtlari huzurida qishloq yoshlarini tadbirkorlik faoliyatining har xil turlariga qayta o‘qitish kurslari va o‘quv-maslahat markazlari tashkil etsinlar;
d) 1995-yil 15-avgustgacha hunar-texnika bilim yurti, kasb-hunar litseyi, biznes-maktab va kollej to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
2. Quyidagilar ta’lim ixtisosi o‘zgartirilayotgan o‘quv yurtlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq yoshlarini bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda o‘qitish, qayta o‘qitish va kasbga yo‘naltirish, ularda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga rag‘bat uyg‘otish va intilishni shakllantirish;
korxonalar, fermer xo‘jaliklari, xizmat ko‘rsatish sohalari, xususiy sektor uchun, shu jumladan, o‘qitish xarajatlarini to‘liq qoplash yo‘li bilan maqsadli buyurtmalar bo‘yicha keng ixtisosga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash;
tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritishda qishloq yoshlariga metodik va maslahat yordami berish.
3. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi, Mehnat vazirligi 1995-yil 15-avgustgacha qayta ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarida tayyorlanadigan kadrlar ixtisosliklari va kasblari ro‘yxatini aniqlasin.
4. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari birlashgan komissiya tuzsinlar va 1995-yil 1-sentabrgacha qayta ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari rahbarlari hamda muhandis-pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsinlar. Uning yakunlariga ko‘ra, zaruriyat bo‘lgan hollarda, shahar tashkilot va muassasalaridan yuqori malakali mutaxassislarni bu o‘quv yurtlarida ishlash uchun yo‘llasinlar. Bunda xarajatlarning umumiy smetasi doirasida doimiy ishlangan 5 yil davomida ularning lavozim maoshlariga 100 foiz miqdorigacha ustama belgilashni va turar joy berishni yoki yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratishni nazarda tutsinlar.
5. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
1995/96 o‘quv yilida moliyaviy va tadbirkorlik tuzilmalarini jalb qilgan holda Toshkent shahrining yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ushbu maqsadlarda maxsus tashkil etilgan qisqa muddatli kurslarda o‘qituvchilarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshirsinlar.
1995/96 o‘quv yilidan boshlab pedagogika institutlarida va universitetlarda yuqori kurslar talabalaridan, shuningdek, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislardan iborat ta’lim muassasalarining barcha turlarida iqtisodiy bilimlar va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish uchun pedagog kadrlarni ikkinchi ixtisoslik bo‘yicha tayyorlashni amalga oshirsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini tartibga solish to‘g‘risida” 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son qarori 1-bandining amal qilishi qayta o‘zgartirilayotgan hunar-texnika bilim yurtlari o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga ham joriy qilinsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 1995-yil 20-avgustga qadar qayta ixtisoslashtiriladigan hunar-texnika bilim yurtlarini o‘z mablag‘lari hisobiga ta’mirlash va mukammal tuzatishni amalga oshirsinlar hamda ularning yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyor bo‘lishini ta’minlasinlar.
8. Moliya vazirligi kompyuter va tashkiliy texnika xarid qilish va yangi turdagi o‘quv yurtlarini jihozlash uchun zarur mablag‘lar ajratsin.
9. “O‘zulgurjibirjasavdo” uyushmasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmanomalariga binoan qayta ixtisoslashtirilayotgan o‘quv yurtlari uchun o‘quv-ishlab chiqarish va texnologik asbob-uskunalar, priborlar va kompyuter texnikasi yetkazib berilishini ta’minlasin.
10. Belgilab qo‘yilsinki, binolar, asbob-uskunalar, texnikani ijaraga berish va o‘qitishning pulli shakllaridan olingan mablag‘lar yuqorida qayd etilgan o‘quv yurtlari ixtiyorida to‘liq qoldiriladi va moddiy-texnika bazani mustahkamlashga hamda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltiriladi.
11. Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi, Tadbirkorlar uyushmasining ular tomonidan qishloq biznes-maktablari, kasb-hunar litseylari va kollejlari faoliyatini mustahkamlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yordam berish dasturi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov va Bosh vazir o‘rinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-iyul,
296-son