Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVOIY DAVLAT KONChILIK INSTITUTI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi PF-94-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy davlat konchilik institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 7-iyuldagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995-yil iyul oyidan boshlab Navoiy texnika kolleji negizida Navoiy davlat konchilik instituti tashkil etilsin.
2. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni, Navoiy viloyati va Zarafshon shahri hokimliklarining takliflari eʼtiborga olinib, shuningdek, ishchi yoshlarning ixtisosli korxonalarda oʻrnashib qolishi maqsadida, istisno tariqasida, Navoiy davlat konchilik instituti tuzilmasida Zarafshon umumtexnika fakulteti saqlab qolinsin.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda yangidan tashkil etilgan institut ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin;
talabalar tanlashni va 1995/96 oʻquv yilidan boshlab oʻquv jarayoni boshlanishini taʼminlovchi zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
1995/96 oʻquv yilida Navoiy davlat konchilik institutiga qabul qilinadigan talabalar kontingentini 250 nafar etib belgilasin, ulardan 75 nafari Zarafshon umumtexnika fakultetiga, bundan tashqari, texnika kollejiga — 100 kishi;
taniqli olimlar va yuqori malakali professor-oʻqituvchilarning doimiy ishlash uchun Navoiy davlat konchilik institutiga yuborilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda Navoiy shahridagi 2-hunar-texnika bilim yurti binolari va inshootlari majmuini hamda asbob-uskunalarini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi balansiga oʻtkazsin.
5. Navoiy viloyati hokimligi “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni, “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasi va viloyatning boshqa korxonalari bilan birgalikda institutning oʻquv jarayonini zarur qoʻshimcha maydonlar, moddiy-texnika va laboratoriya bazasi, taklif etilgan oʻqituvchilarga uy-joy bergan holda yuqori malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlashga oid masalalarni hal etsin.
6. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni va “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasining:
tashkil etilayotgan institutni zamonaviy kompyuter va reprografik texnika, priborlar va asbob-uskunalar bilan jihozlash, oʻquv binolari va yotoqxonalarni mukammal tuzatish bilan bogʻliq xarajatlarni har yili kompensatsiya qilish;
institutning rahbar xodimlari tarkibini haq toʻlash sharoitlari boʻyicha konsern boshqaruv tuzilmasi xodimlariga tenglashtirgan holda ular mehnatiga haq toʻlashni taʼminlash;
professor-oʻqituvchilar tarkibini moddiy ragʻbatlantirish haqidagi takliflariga rozilik berilsin, respublikaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan taklif etilgan olimlar va mutaxassislarga har oyda kamida bir oylik maosh miqdorida ustama toʻlash ham shu jumlaga kiradi.
7. Moliya vazirligi Navoiy davlat konchilik instituti tashkil etilishi munosabati bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi budjeti koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
289-son