O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli va tartibi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek, organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Organik mahsulotlar yetishtirishda va ularni yig‘ib olishda yer maydonlariga qo‘yilgan talablarni, shuningdek, organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibini nazarda tutuvchi Organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2021-yildan boshlab:
a) har yili 1-oktabrga qadar:
organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklar yer maydonlarining manzilli ro‘yxatini shakllantirsin;
organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklar yer maydonlarining oxirgi uch yil uchun statistik tahlil natijalari va topografik joylashuvini o‘rganish, tuproq, sizot va oqova suvlar sifati hamda xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha laboratoriya tahlillarini o‘tkazish choralarini ko‘rsin;
b) muntazam ravishda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklar yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari an’anaviy usulda yetishtiriladigan yer maydonlaridan ajratib turuvchi belgi va ko‘rsatkichlarni o‘rnatish, shuningdek, eksportbop va serdaromad organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish choralarini ko‘rsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-yanvar,
33-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-yanvardagi 33-son qaroriga
ILOVA
Organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli va tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning qoidalari organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni yetishtiruvchi va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
belgi — organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish uchun tanlangan yer maydoni hamda mazkur yer maydonida faoliyat yurituvchi xo‘jalik to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar peshlavhasi;
ko‘rsatkich — organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish uchun tanlangan yer maydoni hamda mazkur yer maydonida faoliyat yurituvchi xo‘jalik to‘g‘risidagi umumlashtirilgan tavsifi;
organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olishga tanlangan yer maydoni — organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni yetishtirish yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olishga mo‘ljallangan yer maydonining belgilangan talablarga muvofiqligi;
organik yer maydonlari — muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan yoki yovvoyi holda o‘sgan o‘simliklar yig‘ib olinadigan yer maydonlari;
organik mahsulot — ishlab chiqarish, qayta ishlash va savdo qilishning barcha bosqichlarida milliy organik standart talablariga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llash orqali olingan mahsulot;
tuproq va suv tarkibini tahlil qilish — organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib oluvchi xo‘jalik yer maydonlarining so‘nggi uch yillik statistik tahlil natijalarini hamda topografik joylashuvini o‘rganish, tuproq tarkibini, sizot va oqova suvlarning sifatini laboratoriyada tahlil qilish.
2-bob. Organik mahsulotlar yetishtirishda va yig‘ib olishda yer maydonlariga qo‘yiladigan talablar hamda belgi o‘rnatish tartibi
4. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalikning tanlangan yer maydonida faoliyat olib borish huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni muvofiqlikni baholash organiga taqdim etadi.
5. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib oluvchi xo‘jalikning yer maydonidagi tuproq tarkibidagi sizot va oqova suvlarning sifati (minerallashuv) tahlil qilinadi.
6. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yer maydonini tanlashda oxirgi uch yilda shu maydonda ekilgan qishloq xo‘jaligi ekin turlari, qo‘llanilgan agrotexnik tadbirlar, berilgan mineral o‘g‘itlar turlari va miqdori (qoldiq) o‘rganib chiqiladi.
7. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga tanlangan yer maydonining atrofida an’anaviy usulda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarning turi, sug‘orish tizimi, yer maydoni chegaralarida ihotazorlar barpo etish magistral kanal va avtomobil yo‘llari bilan oraliq masofani hisobga olgan holda tahlil qilinadi.
8. Tuproqning fizik-mexanik, kimyoviy, mikrobiologik va agrokimyoviy tarkibi laboratoriyada tahlil qilinadi.
9. Respublikada kamayib borayotgan va muhofazaga olingan hamda O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini yig‘ib olishga ruxsat berilmaydi.
10. Tanlangan yer maydonida tuproq tarkibi, iqlim sharoitini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlari bir yillik yoki ko‘p yillik turlarga qarab joylashtiriladi.
11. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga tanlangan yer maydoni bo‘yicha barcha tahlil natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda xo‘jalik tomonidan mazkur yer maydonining kirish yo‘lagiga organik qishloq xo‘jaligiga o‘tish davrini bildiruvchi quyidagi ko‘rsatkichlar o‘zida aks ettirgan belgi o‘rnatadi:
yer maydoniga egalik qiluvchi xo‘jalik nomi;
xo‘jalik joylashgan joy (pochta manzili);
xo‘jalik rahbarining F.I.O.;
umumiy yer maydoni xaritasi, gektar, organik yer maydoni gektari, konturi;
yetishtiriladigan organik qishloq xo‘jaligi mahsulot nomi;
qishloq xo‘jaligi ekin turlaridan kelib chiqib, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga (bog‘, uzumzor, texnik va oziq-ovqat ekinlari hamda oziqabop yem-xashak ekinlari) o‘tish davrining muddati;
radiusi 3 km dan kam bo‘lmagan asalarichilik xo‘jaligi hududining xaritasi hamda asalari uyalarini hududdan hududga ko‘chirish talab etilsa, ko‘chish hududlarining xaritalari (asalarichilik xo‘jaliklari uchun);
chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari inshootlarining yer maydonida (gektar) joylashuv sxemasi hamda yaylovlar xaritasi ko‘rsatilgan belgi.
12. Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib oluvchi xo‘jalik murojaatiga ko‘ra, muvofiqlikni baholash organi tomonidan berilgan organik muvofiqlik sertifikatiga asosan tanlangan yer maydoniga o‘rnatilgan belgida organik o‘tish davri belgilanmaydi.
13. Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish jarayoniga organik muvofiqlik sertifikati olgan xo‘jalik organik yer maydonining kirish chegarasiga quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘zida aks ettirgan belgini o‘rnatadi:
organik mahsulotlari yig‘ib olinadigan xo‘jalik nomi;
xo‘jalik rahbarining F.I.O.;
yer maydonining xaritasi, maydoni (gektar);
yig‘ib olinadigan mahsulot nomi;
muvofiqlikni baholash idorasi nomi (telefon raqami va elektron pochta manzili);
organik muvofiqlik sertifikatining raqami va amal qilish muddati.
14. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi xo‘jalik tomonidan organik qishloq xo‘jaligiga o‘tish muddatini bildiruvchi belgida ko‘rsatilgan ma’lumotga o‘tish muddati tugagunga qadar o‘zgartirish kiritilmaydi.
15. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayoniga muvofiqlikni baholash organi tomonidan berilgan organik muvofiqlik sertifikatiga asosan xo‘jalik tomonidan organik yer maydonining kirish yo‘lagiga quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘zida aks ettirgan belgi o‘rnatiladi:
yer maydonlariga egalik qiluvchi xo‘jalik nomi;
xo‘jalik rahbarining F.I.O.;
yer maydonining xaritasi, maydoni (gektar);
yetishtiriladigan mahsulot nomi;
xo‘jalik joylashgan joy (pochta manzili);
muvofiqlikni baholash organi nomi (telefon raqami va elektron pochta manzili);
organik muvofiqlik sertifikatning raqami va amal qilish muddati.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish jarayonlarida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2021-y., 09/21/33/0059-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)