Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlashda Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlashda Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hamda Yaponiya Hukumati oʻrtasida 2020-yil 17-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimiga grant ajratish toʻgʻrisida Hukumatlararo notalar almashinuvi imzolanganligi va unda:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasalariga Yaponiya Hukumatining begʻaraz koʻmak dasturi boʻyicha qiymati 500 million yapon yeni miqdoridagi granti hisobidan Yaponiyada ishlab chiqarilgan tibbiy texnika yetkazib berish belgilanganligi (keyingi oʻrinlarda — loyiha);
Yaponiya Hukumati tomonidan “Crown Agents Japan Limited (CA)” kompaniyasi barcha xaridlarni amalga oshirish va yetkazib berish boʻyicha vakil etib tayinlaganligi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi nomiga Yaponiya vakolatli bankida grant boʻyicha hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish uchun maxsus hisobvaraq ochilishi koʻzda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzmilliybank” AJ) Yaponiyaning vakolatli banki bilan banklararo shartnomani imzolash vakolati berilsin.
“Oʻzmilliybank” AJ Sogʻliqni saqlash vazirligi nomiga Yaponiyaning vakolatli bankida grant boʻyicha hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish uchun maxsus hisobvaraq ochilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish doirasida grant olish va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, xaridlar jarayonining borishi boʻyicha tegishli monitoring olib borsin;
loyiha doirasida yetkazib berilgan tibbiy texnikalar, istisno tariqasida, davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Yaponiya Hukumati granti hisob-kitoblari doirasida xizmat koʻrsatuvchi Yaponiyaning vakolatli banki foydasiga belgilangan shaklda kafolat xati (Acknowledgement letter) taqdim qilsin;
Yaponiya Hukumati grantiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzmilliybank” AJ oʻrtasida tuzilishi lozim boʻlgan Agentlik bitimi loyihasini ishlab chiqsin;
“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan tegishli buyurtmanoma taqdim etilgandan soʻng besh ish kuni ichida Yaponiya vakolatli bankining vositachilik xarajatlari toʻlab berilishini taʼminlasin.
4. “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga loyihani amalga oshirish doirasida Yaponiya vakolatli bankining vositachilik xarajatlarini fond mablagʻlari hisobidan qoplab berish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha:
Tashqi ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan vizalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni hamda ularning yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-yanvar,
17-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2021-y., 09/21/17/0034-son)