Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI MUVOFIQLAShTIRISh BOʻLIMINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirishni yaxshilash toʻgʻrisida”gi 1995-yil 13-iyundagi 219-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish, shu maqsadda respublika davlat idoralari, korxonalari va tashkilotlarining xorijiy firmalar bilan ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, xalqaro iqtisodiy va moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining xorijiy firmalar va ishbilarmonlar ishlari boʻyicha konsultantlar ekspert guruhi negizida 10 kishidan iborat tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻlimi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar boʻlimning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tashqi iqtisodiy faoliyat haqidagi, chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi qonunlarni va boshqa hujjatlarni ijro etish yuzasidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va respublika Hukumatining qarorlari bajarilishini taʼminlash ishlarini tashkil etish;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, mahalliy boshqaruv va hokimiyat organlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish, korxona, tarmoq va hududlarning aniq muammolarini hal etish boʻyicha loyihalar va bitimlarni roʻyobga chiqarish maqsadida ularning chet ellik sheriklar bilan aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash;
Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar loyihalari va dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash haqida Yevropa hamjamiyati komissiyasi, Jahon banki, Yevropa Tiklash va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta fondi va boshqa moliya idoralar tomonidan taqdim etilayotgan takliflarni tahlil etish, umumlashtirish va respublika Hukumatiga kiritish;
xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining respublikaga texnikaviy yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini tanlash boʻyicha takliflar, koʻrsatilayotgan texnikaviy va boshqa yordamning koʻlami va samaradorligi haqida maʼlumotlar tayyorlash.
3. Oʻn kun muddat ichida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻlimi toʻgʻrisidagi Nizom belgilangan tartibda tasdiqlansin, uni kadrlar bilan toʻldirish, joylashtirish va moddiy-texnika taʼminoti masalalari hal etilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-noyabr,
546-son