O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANISh YAKUNLARINI ChIQARIShGA VA ISLOHOTLARNING BORIShINI BAHOLAShGA YaNGIChA YoNDAShUVLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tahlil qilishni tayyorlashning va yakunlar chiqarishning, shuningdek iqtisodiy islohotlarning borishini baholashning mavjud tizimi bozor munosabatlarining zamonaviy talablariga javob bermaydi, amalga oshirilayotgan qayta o‘zgartirishlarning haqiqiy manzarasini, xalq xo‘jaligida, hududlarda va tarmoq majmuilaridagi ishlarning ahvolini aks ettirmaydi.
Shu munosabat bilan “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi, Markaziy bank, Vazirlar Mahkamasi majmuilari, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini tahlil qilish, uch bosqichda — hududiy (viloyat, shahar, tuman), tarmoq va respublika bosqichlarida islohotlarning qanday amalga oshirilayotganligini baholash ko‘rsatkichlarining yangi tizimi ishlab chiqildi.
Yakunlar chiqarishga yangicha yondashuvning asosida birdan-bir maqsad sifatida ishlab chiqarish hajmlarini o‘stirish nazarda tutilmasdan, balki birinchi navbatda, bozor talablariga muvofiq ishlab chiqarishning (taklifning) mahsulot, ishlar va xizmatlarga bo‘lgan nisbati qo‘yiladi, korxonalarning moliyaviy ahvoli va to‘lov intizomining holati chuqurroq tahlil etiladi.
Ko‘rsatkichlarning ishlab chiqilgan tizimi tarmoqlar bo‘yicha ham, hududlar bo‘yicha ham bozor islohotlarining izchil amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash imkonini beradi.
Ishlab chiqilgan yangicha yondashuvlar va tahliliy ko‘rsatkichlar tizimi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini o‘z vaqtida va sifatli chiqarishni ta’minlash va iqtisodiy islohotlarning borishini baholash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasining “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va islohotlarning borishini tahlil qilishga yondashuvlarni va ko‘rsatkichlar tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi xati (1-ilova) ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi 1995-yil 1-iyulgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va islohotlarning borishi yakunlarini chiqarish bo‘yicha tahliliy ko‘rsatkichlar va metodik tavsiyalarning ishlab chiqilgan tizimini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majmuilariga, vazirliklarga, idoralarga, tarmoq xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlarga yetkazsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat mulki qo‘mitasi, Markaziy bank, aksionerlik-tijorat banklari mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzsin hamda ularni ko‘rsatkichlar tahlili va tizimiga yangicha yondashuvlarni o‘rganish va joriy etish bo‘yicha joylarda ish olib borish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, viloyatlarga jo‘natsin.
Vazirlar Mahkamasi majmuilari rahbarlari tarmoqlar va korxonalar darajasida ana shunday tushuntirish va tahlil qilish ishlarini tashkil etsinlar.
Ko‘rsatib o‘tilgan ish 1995-yil 8-iyulgacha tugallansin.
4. Respublika, hududlar va majmuilar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiy islohotlarning borishi yakunlarini ko‘rib chiqish muddatlari 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Vazirlar Mahkamasi majmuilari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
yakunlarni chiqarishda iqtisodiy islohotlarning qanday amalga oshirilayotganligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarga, jumladan, mulkchilik shakllarining o‘zgartirilishiga va bozor infrastrukturasi rivojlantirilishiga, qimmatli qog‘ozlar bozorining shakllanishiga, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarga, mahalliy budjetlarning bajarilishiga, korxonalar va xo‘jaliklarning moliyaviy ahvoliga, to‘lov intizomining holatiga, pul muomalasiga, iste’mol bozorini tovarlar bilan to‘ldirishga hamda aholi turmush darajasiga, eksport imkoniyatlarining rivojlantirilishiga alohida e’tiborni qaratsinlar;
yakunlarni chiqarishga respublika, viloyatlar, shaharlar va tumanlar, korxonalar, tashkilotlar, tarmoqlar va majmuilar iqtisodiyotini rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatishning, shuningdek ijrochilarning topshirilgan ish uchastkasi uchun javobgarligini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qarasinlar.
6. Respublika, hududlar va majmuilar darajasida ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va islohotlarning borishi to‘g‘risidagi hisobot tahlil etish natijalari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarga yetkazilsin, har bir tuman, shahar, viloyat va umuman respublika bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinsin.
7. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar va uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlar statistika hisobotining ishonchli ma’lumotlarini “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda to‘liq hajmda o‘z vaqtida taqdim etsinlar.
Hokimliklar, vazirliklar va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majmuilarining ko‘rib chiqishi uchun taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun shaxsiy javobgarlik statistika, moliya, soliq, bank organlari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
8. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi va uning joylardagi organlari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan taqdim etiladigan statistika axborotining to‘liqligi va ishonchliligi ustidan muntazam va qattiq nazoratni ta’minlasinlar, aybdorlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, vazirliklar, idoralar, banklar idoraviy (tarmoq) statistika hisobotini joriy etishni faqat “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan kelishuv bo‘yicha va unga hisobot axboroti taqdim etgan holda amalga oshiradilar.
10. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi korxonalar va tashkilotlar uchun belgilangan statistika hisobotining boshlang‘ich shakllarini bozor munosabatlarini shakllantirish talablariga muvofiq ularni imkoni boricha soddalashtirish va takomillashtirish maqsadida qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin.
1996-yilda statistika ishlarini amalga oshirish yuzasidan Davlat buyurtmasi loyihasi 1995-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov va Bosh vazirning o‘rinbosari O‘.Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 28-iyun,
241-son
O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va islohotlarning borishini tahlil qilishga yondashuvlarni va ko‘rsatkichlar tizimini takomillashtirish to‘g‘risida
Respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tahlil qilish va yakunlar chiqarishni tayyorlashning mavjud tizimi, shuningdek iqtisodiy islohotlarning borishini baholash bozor munosabatlarining zamonaviy talablariga javob bermaydi, amalga oshirilayotgan qayta o‘zgartirishlarning haqiqiy manzarasini, xalq xo‘jaligidagi, hududlardagi va tarmoq majmuilaridagi ishlarning ahvolini aks ettirmaydi.
Shu munosabat bilan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 16-mayda Vazirlar Mahkamasining 1995-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida bergan topshirig‘iga muvofiq “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa iqtisodiy idoralar bilan birgalikda, shuningdek hududiy tuzilmalar va korxonalar mutaxassislari ishtirokida respublikada iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni tahlil etish va iqtisodiy islohotlarning borishini baholash tizimi va mexanizmini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Taklif etilgan yondashuvlar, tahlil etish prinsiplari va ko‘rsatkichlar tizimi 1995-yil 22-iyunda Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan kengashda majmuilar, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va korporatsiyalar rahbarlari tomonidan ishlab chiqildi va umuman olganda ular tomonidan ma’qullandi.
Tahlil etishga metodik yondashuvlarning asosiga hududlar, Vazirlar Mahkamasining majmuilari darajasida yakunlarni ko‘rib chiqishni tashkil etishning prinsipial jihatdan yangi tartibi, faqat ishlab chiqarish faoliyati natijalarini aks ettirib qolmasdan, balki eng avvalo korxonalar va iqtisodiyot sektorlarining moliyaviy ahvolini, rivojlanish tamoyillarini va tarkibiy siljishlarni, mulkchilik munosabatlari o‘zgarishini, aholi turmush darajasini aks ettiruvchi boshqaruvning barcha darajalari uchun takomillashtirilgan xususiy tahliliy ko‘rsatkichlar qo‘yilgan.
Yakunlar chiqarish mexanizmini tayyorlashda va tahliliy ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirishda qabul qilingan asosiy qoidalar quyidagilar hisoblanadi.
Birinchidan, yakunlar chiqarishning uch darajasi — hududiy funksional va tarmoq majmuilari darajasi, respublika darajasi belgilangan.
Hududiy darajada yakunlar qishloq tumanlari, shaharlar va viloyatlar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Majmuilar bo‘yicha yakunlarni ko‘rib chiqish uchun oltita asosiy funksional-tarmoq bloklar — industrial, dehqonchilik, investitsiya, ijtimoiy, transport va kommunikatsiyalar, tashqi iqtisodiy bloklar belgilangan.
Respublika darajasida yakunlarni hududlar va majmuilar bo‘yicha tanqidiy ko‘rib chiqish va umumlashtirish bilan bir qatorda xususiylashtirish jarayonlarini, bozor infrastrukturasini va qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirishga, shuningdek muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va mutanosibliklarni tahlil qilishga alohida e’tibor beriladi.
Har bir daraja uchun tahliliy ko‘rsatkichlar va shakllarning qo‘shimcha tizimi ishlab chiqilgan.
Ikkinchidan, ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirishda ularni alohida aks ettirish va tahlilning har xil darajalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri korrespondensiyalash prinsipi amalga oshirilgan.
Muhim tahliliy bloklar bo‘yicha:
respublika — viloyatlar, tumanlar (shaharlar);
respublika — majmuilar — tarmoqlar va korxonalar;
viloyatlar — majmuilar — tarmoqlar va korxonalar darajasida tahlillar o‘rtasidagi aloqani ta’minlovchi oraliq ko‘rsatkichlar belgilangan.
Bu korxonalar va tarmoqlar faoliyati natijalarining mintaqalarda va umuman respublikada shakllanayotgan umumiqtisodiy vaziyatga aniq ta’sirini belgilash imkonini beradi.
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozida bunday yondashuv ularga manzilli tus berib ularni hududlar va tarmoqlar darajasida aniqlashtirish imkonini beradi.
Uchinchidan, ko‘rsatkichlarning ishlab chiqilgan tizimi miqdoriy va hajmli indikatorlarni tahlil qilishga emas, balki iqtisodiyotdagi sifat o‘zgarishlarini, shakllanayotgan rivojlanish tamoyillarini, tarkibiy va tizimli kvota o‘zgartirishlarni tadqiq etish va baholashga, mavjud nomutanosibliklarni, iqtisodiy vaziyatga hamda islohotlarning borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan sabablar va omillarni tahlil etishga yo‘naltirilgan.
To‘rtinchidan, tahlilni o‘tgan yil bilan taqqoslagan holda umuman hisobot davri uchungina emas, balki yil choraklari bo‘yicha amalga oshirish mo‘ljallangan. Bu shu yilning o‘zida yuz bergan asosiy tendensiyalar va o‘zgarishlarni aniqlash va shuning asosida eng yaqin yil choragi, yarim yillik prognoziga tuzatish kiritish imkonini beradi.
Shu yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiy islohotlarning borishi yakunlari tahlilini o‘z vaqtida va sifatli chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan yondashuvlar va ko‘rsatkichlar tizimi asosida quyidagi tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish mo‘ljallangan:
1-iyuldan 8-iyulgacha bo‘lgan davrda — “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat mulki qo‘mitasi, Markaziy bank xodimlari ishtirokida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va islohotlarning borishi yakunlarini ma’lumotlarini shakllantirish va ularni tahlil etish metodikasi bo‘yicha mintaqaviy (zonal) seminarlar o‘tkazish;
15-iyulgacha bo‘lgan davrda — markaziy iqtisodiy organlarning rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida shu yilning birinchi yarim yilligidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini tayyorlash hamda hokimliklar va Vazirlar Mahkamasi majmuilari majlislarida ko‘rib chiqish;
shu yilning 25-iyuligacha — yakunlarni ko‘rib chiqish natijalari materiallarini xalq xo‘jaligida shakllangan vaziyatga baho bergan holda hokimliklar va majmuilar darajasida umumlashtirish, Vazirlar Mahkamasi majmuilari rahbarlari bilan birgalikda ko‘rib chiqilgandan keyin Vazirlar Mahkamasi majlisiga kiritish.
Shu bilan birga, ko‘rsatib o‘tilgan uchchala darajalarning har birida yil choragi, yarim yillik, to‘qqiz oylik va umuman yil uchun yakunlar chiqarishning aniq muddatlari tizimi ishlab chiqilgan.
Mo‘ljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirish respublika Hukumatining tegishli qaror qabul qilishini talab etadi.