Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahar yoʻlovchi tashish avtobuslari parkini yanada yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Avtobus parklarining harakatdagi tarkibini zamonaviy, qulay transport vositalari bilan yangilash hisobiga Toshkent shahri aholisining uzluksiz yoʻlovchi tashishda ortib borayotgan talabini toʻliq qondirish maqsadida:
1. “Toshshahartransxizmat” uyushmasi va “EvoBus GmbH” firmasi (Germaniya) tomonidan 2012-yilda “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumidagi 100 ta shahar yoʻlovchi avtobusi va ular uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish uchun ilovadagi jadvalga muvofiq jami 14,0 mln yevro miqdorida oldi-sotdi shartnomasi imzolangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
100 ta shahar yoʻlovchi avtobuslari va ularning ehtiyot qismlarini yetkazib berish uchun oldi-sotdi shartnomasining toʻliq qiymatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 15 yil muddatga (shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan) beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi. Kreditning yillik foiz stavkasi 0,5 foizni, qayta moliyalashtiruvchi bank — “Oʻzsanoatqurilishbank” OATB ning yillik marjasi esa 0,25 foizni tashkil etadi;
asosiy qarzni qaytarish, kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha foizlar va vositachilik haqini toʻlash kredit kelishuvlari shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” OAKB va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi, istisno tariqasida, texnik-iqtisodiy hisob-kitob parametrlari koʻrib chiqilgunga qadar kredit kelishuvlarini rasmiylashtirsin va “EvoBus GmbH” firmasi bilan oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda moliyalashtirishni ochsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “Toshshahartransxizmat” uyushmasi va “EvoBus GmbH” firmasi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha ekspert xulosasi bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
kredit kelishuvlari shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʼarmasi kreditiga xizmat koʻrsatish uchun 2012-yil oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʼarmasidan mablagʼlar ajratsin;
2013-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditiga xizmat koʻrsatish uchun mablagʼlar nazarda tutsin.
6. “Toshshahartransxizmat” uyushmasi:
bir oy muddatda “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumidagi 100 ta shahar yoʻlovchi avtobuslarini sotib olishning texnik-iqtisodiy hisob-kitobi ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditiga xizmat koʻrsatish uchun yoʻnaltiriladigan pul mablagʻlarini qabul qilish maqsadida “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBda maxsus hisob raqamini ochsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga “Toshshahartransxizmat” uyushmasining “Oʻzsanoatqurilishbank” OATB oldidagi majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb qilinayotgan kredit yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kafolat berish vakolati berilsin.
8. “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumli 100 ta shahar yoʻlovchi tashish avtobusi va ularga ehtiyot qismlar, shuningdek “EvoBus GmbX” firmasi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha foydalanishning kafolat muddati davrida safdan chiqqan avtobuslar oʻrniga yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar va materiallar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
9. Belgilansinki, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi tomonidan tarkibiy boʻlinmalarga berilayotgan “Mercedes-Benz Conecto Low Floor” rusumli 100 ta shahar yoʻlovchi tashish avtobusi va ularga ehtiyot qismlar, shuningdek, “EvoBus GmbX” firmasi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha foydalanishning kafolatli muddati davrida safdan chiqqan avtobuslar oʻrniga yetkazib beriladigan ehtiyot qismlar va materiallar qoʻshilgan qiymat soligʻi solish obyekti hisoblanmaydi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 5-mart,
PQ-1721-son