O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 26-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2156-3]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyuldagi PF-6005-son “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining 2010-yil 28-oktabrdagi 01-02/12-8, 20-son qarori (ro‘yxat raqami 2156, 2010-yil 19-noyabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 47-son, 439-modda) bilan tasdiqlangan Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-sentabr,
01-02/12-14-son
Ichki ishlar vaziri P.R. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-sentabr,
66-son
Kelishildi:
Raisning birinchi o‘rinbosari I.K. Djasimov
Toshkent sh.,
2020-yil 25-avgust,
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2020-yil 14-sentabrdagi 01-02/12-14-son va Ichki ishlar vazirligining
2020-yil 10-sentabrdagi 66-son qaroriga
ILOVA
2020-yil 10-sentabrdagi 66-son qaroriga
ILOVA
Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” “Avto” YaAAT dasturi orqali kirish bojxona posti xodimi tomonidan davlat, rus va ingliz tillaridan birida chop etiladi hamda xorijiy avtotransport vositasining egasiga (haydovchisiga) beriladi.”.
2. Quyidagi mazmundagi 121-band bilan to‘ldirilsin:
“121. Vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan xaydovchi bojxona organiga avtotransport vositasini vaqtincha saqlash uchun yozma yoki elektron tarzda murojaat qilgan taqdirda, ushbu avtotransport vositasi bojxona organi tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun mazkur Nizomning 16-bandida ko‘rsatilgan yig‘im to‘lanmaydi, bundan avtotransport vositasini saqlash bilan bog‘liq harajatlar mustasno hisoblanadi.”.
3. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin ushbu muddatni uzaytirish uchun xorijiy avtotransport vositasining haydovchisi belgilangan muddat tugashidan avval O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining mazkur xorijiy avtotransport vositasi turgan joydagi bojxona postlaridan biriga muddatni uzaytirishni so‘rab murojaat qilishi yoki elektron tarzda masofadan to‘lovlarni amalga oshirgan holda real vaqt rejimida avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish muddatini uzaytirishi lozim.
Murojaatga bojxona organlarining hisob raqamiga mazkur Nizomning 16-bandida ko‘rsatilgan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi vakolatli bank tomonidan berilgan hujjat nusxasi ilova qilinadi.
Tegishli bojxona posti vaqtincha olib kirish muddatini yig‘im qancha muddat uchun to‘langan bo‘lsa, shuncha muddatga uzaytiradi va “Avto” YaAATda avval kiritilgan muddatni o‘zgartiradi.”.
4. 19-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“bojxona posti tomonidan undiriladi yoki haydovchi tomonidan elektron tarzda masofadan real vaqt rejimida to‘lanadi;
bank orqali to‘langanda bank kvitansiyasi asosida kirim qilinadi.”.
5. 21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Belgilangan qaytarib olib chiqish muddatidan 5 kundan ortiq vaqt o‘tgan va respublika hududidan qaytarib olib chiqilmagan xorijiy avtotransport vositalari to‘g‘risida “Avto” YaAATda elektron ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi va DYHXXga real vaqt rejimida yuboriladi.”.
6. 22 va 51-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
7. 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. DYHXXning hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlari asosida respublika hududidan qaytarib olib chiqilmagan xorijiy avtotransport vositalari aniqlangan taqdirda ular bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan choralarni ko‘rish uchun uch ish kuni mobaynida davlat bojxona xizmatining hududiy organlarini xabardor qiladilar.”.
8. 27-banddagi “davlat bojxona xizmatining hududiy organlariga” degan so‘zlar “bojxona postlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
9. 28-banddagi “Davlat bojxona xizmatining hududiy organlari” va “davlat bojxona xizmatining hududiy organining” degan so‘zlar tegishli ravishda “Bojxona postlari” va “bojxona postining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
10. 29-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha bir ish kuni mobaynida bojxona postlari tomonidan “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” dublikati beriladi. “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma”ning yuqori o‘ng burchagiga “Dublikat” deb yoziladi va bojxona posti boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari imzosi va post muhri bilan tasdiqlanadi.”.
11. Quyidagi mazmundagi 571-band bilan to‘ldirilsin:
“571. Bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan holda “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan avtotransport vositasini 3 yil davomida qayta jihozlash bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatib o‘tilgan tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodi o‘zgarishiga olib kelsa, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar to‘langan taqdirda ushbu avtotransport vositasini qayta jihozlashga ruxsat beriladi, bundan avtotransport vositasini yoqilg‘i turini o‘zgartirish bilan bog‘liq qayta jihozlash holatlari mustasno hisoblanadi.”.
12. Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.10.2020-y., 10/20/2156-3/1426-son)