Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi raqobatbardosh ishlab chiqarishlar va tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, aholining bandligi va daromadlarini oshirish hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, “Tinchlik” mahallasi hududidagi tuman hokimligi tasarrufidagi zaxirada turgan, foydalanilmayotgan, qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun yaroqsiz axvolga kelib qolgan 36,0 gektar sugʻoriladigan yer maydonida kichik sanoat zonasini (keyingi oʻrinlarda — kichik sanoat zonasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bir oy muddatda kichik sanoat zonasi tashkil etish uchun ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, kichik sanoat zonasini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
3. Toshkent viloyati maxsus iqtisodiy zonaning maʼmuriy kengashi bir oy muddatda kichik sanoat zonasini samarali boshqarish uchun alohida direksiya tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Toshkent viloyati hokimligi:
a) ikki oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda viloyat mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan kichik sanoat zonasining arxitektura-rejalashtirish hujjatlari ishlab chiqilishini;
b) bir oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda kichik sanoat zonasida loyihalarni joylashtirish mezonlari ishlab chiqilishini;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “Oʻzbektelekom” AK bilan birgalikda:
bir hafta muddatda — muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilma obyektlarini tashkil etish boʻyicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
kichik sanoat zonasida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalarga muvofiq, Toshkent viloyatining mahalliy budjeti, shuningdek, xizmatlarni yetkazib beruvchilar mablagʻlari hisobidan kichik sanoat zonasining boʻlinish chegarasiga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilma obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish ishlari bajarilishini;
g) sugʻoriladigan yer maydonlari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida loyiha uchun ajratilayotgan sugʻoriladigan yer maydoniga teng miqdorda yangi yerlar oʻzlashtirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi kichik sanoat zonasi hududidagi obyektlarda bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat-arxitektura qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda — kichik sanoat zonasi hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar (kabel, keramika va plastik mahsulotlar, metall konstruksiyalar) turlarini ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini joylashtirish boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
kichik sanoat zonasi hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin;
kichik sanoat zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlarni olib borish, shuningdek, kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqsin;
kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish boʻyicha tegishli choralar koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
657-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2020-y., 09/20/657/1417-son)