Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
PAXTA TOLASINI RESPUBLIKADAN TAShQARIGA JOʻNATISh TARTIBINING QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR KENGAShI TOMONIDAN BUZILIShI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, belgilangan topshiriqlardan ortiqcha ishlab chiqarilgan, chetga joʻnatilishi kerak boʻlgan tola oʻrniga, oʻrnatilgan tartibga zid ravishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining paxta tolasini sotish toʻgʻrisida oʻzboshimchalik bilan qabul qilgan qarorlari natijasida “Karakalpakintorg” va “Karakalpakxlopkoprom” tomonidan davlat resurslaridan Turkiyaning “Yazeks” korporatsiyasiga 8,6 ming tonna va MDH mamlakatlariga 2,6 ming tonna paxta tolasi joʻnatilgan. Bu bilan amaldagi tartibni chetlab oʻtgan holda tolani chetga chiqarishga ruxsat bergan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi nazoratsizlikka va yuzaki yondashuvga yoʻl qoʻydilar.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining sobiq raisi (oʻrtoq Tojiyev)ga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov)ga, “Oʻzpaxtasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi (oʻrtoq Maqsudov)ga va Davlat bojxona qoʻmitasi (oʻrtoq Oripov)ga paxta tolasini Qoraqalpogʻiston Respublikasidan chetga chiqarish hujjatlarini rasmiylashtirishda yuzaki yondashilganlik koʻrsatib oʻtilsin. Ulardan tolani Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga joʻnatishning asoslanganligi boʻyicha nazoratni kuchaytirish talab qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi oʻrtoq R.I. Yoʻldoshev paxta tolasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga joʻnatish boʻyicha huquqqa zid va oʻzboshimchalik bilan qarorlar qabul qilishga bundan keyin yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga “Karakalpakintorg” bosh direktori oʻrtoq M.A. Mambetnazarovning va “Karakalpakxlopkoprom” boshligʻi oʻrtoq T. Poluashevning mazkur paxta tolasini sotishda yoʻl qoʻygan buzilishlar uchun egallab turgan lavozimlarida qolish-qolmasliklari toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish yuklatilsin.
1992-yilda noqonuniy sotilgan paxta tolasi hajmining oʻrni shu yilgi rejadagi paxta hosilining 15 foizi va rejadan tashqari hosil hisobiga toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-oktabr,
472-son