O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQARISIGA TOVAR-MODDIY BOYLIKLARNI OLIB KETISh QOIDALARINING JIDDIY BUZILAYOTGANLIGI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga tovar-moddiy boyliklarni olib ketishning belgilangan tartibini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida” Qonunining, mazkur masala bo‘yicha xomashyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xalq iste’moli mollarini olib ketishni tartibga soluvchi Hukumat qarorlarining qabul qilinishi bozor munosabatlariga o‘tish sharoitlarida O‘zbekistonning ichki bozorini himoya qilishga ancha yordam berdi.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan choralar respublika tashqarisiga qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini g‘ayriqonuniy olib chiqib ketishni kamaytirishga imkon bermadi. 1992-yil boshidan buyon belgilangan tartibni buzishlarning 10 mingdan ortiq hollari (umumiy miqdori 707 mln so‘m) aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga respublikaning eksport boyliklari bo‘lgan paxta tolasi, momiq, pilla, jun va boshqa qishloq xo‘jaligi xomashyosini, rangli metallarni olib chiqib ketishda qoida buzish va suiiste’molliklar tez-tez uchrab turibdi.
Ko‘rsatilgan davrda 214 mln so‘mlik paxtachilik mahsulotlarini g‘ayriqonuniy olib ketishga urinish hollari aniqlandi.
Iste’mol bozorida ana shunday keskin ahvol saqlanib turgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi valyutaga xarid qilib olayotgan choy, qand-shakar, un kabi oziq-ovqat mahsulotlarini, xalq iste’moli mollarini, shuningdek, o‘simlik va mol yog‘ini, asalni, ehtiyoj katta bo‘lgan tovarlarni, shu jumladan, qurilish materiallarini, metall konstruksiyalar va texnika asbob-uskunalarini respublika tashqarisiga olib ketishga urinishlarning ko‘pdan ko‘phollari mavjud.
Ayni bir vaqtda O‘zbekbirlashuv, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, “O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasi, “O‘zdavmetallkonsern”, “O‘zpaxtasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining respublika aholisini tovarlar bilan ta’minlashdagi keskin ahvoldan tashvishga tushayotganliklari sezilmayapti.
“O‘zpaxtasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi (o‘rtoq Hakimov), O‘rta Osiyo temir yo‘li boshqarmasi (o‘rtoq Jeltouxov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (o‘rtoq Shamshetov) va Andijon (o‘rtoq Olimov), Jizzax (o‘rtoq Ortiqmurodov), Samarqand (o‘rtoq Qilichev), Surxondaryo (o‘rtoq Xolboyev) viloyatlari hokimliklari tomonidan tovar-moddiy boyliklarni jo‘natish ustidan qattiq nazoratning yo‘qligini qayd etish kerak.
Ayrim vazirliklar, idoralar, konsernlar, mahalliy boshqaruv organlari hujjatlarni ko‘pincha yetarli tekshirmasdan tovar-moddiy boyliklarni olib ketishga noqonuniy ruxsatnomalar beryaptilar, litsenziya berish huquqidan foydalanish ustidan nazoratni bo‘sh amalga oshiryaptilar. Ko‘pincha o‘z vakolatlariga kiruvchi u yoki bu mahsulotni olib ketishga ruxsatnoma uchun murojaat qiluvchilarni yuqori organlarga jo‘natib, ortiqcha sansalorliklarni vujudga keltirmoqdalar.
Davlat bojxona qo‘mitasining o‘z ishida ham kamchiliklar mavjud. Uning tomonidan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Uning shaxsiy tarkibida, kadrlar tanlash va ularni joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha ishlarni ancha yaxshilash talab qilinadi.
Bojxona xizmatlari tomonidan musodara qilingan tovar-moddiy boyliklarni realizatsiya qilishning aniq tartibi va uning ustidan qattiq nazorat hanuzgacha ta’minlangan emas.
Ommaviy axborot vositalari ichki bozorni himoya qilish muammolarini, bu yo‘nalishda bojxona xizmatlari, huquq-tartibot va mahalliy boshqaruv organlarining kundalik faoliyatini sust yoritayaptilar.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hukumat qarorlarining bajarilishi bo‘yicha yetarlicha nazoratni ta’minlanmaganligi, respublika tashqarisiga tovar-moddiy boyliklarni olib ketishning belgilangan tartibiga qattiq rioya qilishni ta’minlovchi uzil-kesil choralarni ko‘rmaganligi, bu ishda jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘yganligi uchun:
— Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari o‘rtoq K.N. Ortiqmurodovga qattiq hayfsan e’lon qilinsin va u shunday hollarning qaytarilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda uning bundan keyin egallab turgan lavozimida qolish-qolmasligi masalasi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin;
Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari o‘rtoq F.N. Fiyosov qattiq ogohlantirilsin;
— Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari o‘rtoq T.R. Qilichevga, Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari o‘rtoq M.A. Olimovga bu ishdagi kamchiliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Davlat bojxona qo‘mitasining materiallari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari o‘rtoq D.N. Shamshetovning tovar-moddiy boyliklarni respublikadan tashqariga olib chiqib ketish yuzasidan belgilangan tartibni ta’minlash ishida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun shaxsan javobgarligi masalasini ko‘rib chiqsin va tegishli qaror qabul qilsin.
3. “O‘zdavmetallkonsern” (o‘rtoq Maqsudov), “O‘zpaxtasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi (o‘rtoq Hakimov), “O‘zyengilsanoatsotish” (o‘rtoq Umarbekov), “O‘zshartnomasavdo” (o‘rtoq Sharipov), “O‘zbeksavdo” (o‘rtoq Usmonov) davlat uyushmalari, “O‘zdavneftmahsulot” (o‘rtoq Husainov) aksionerlik birlashmasi, O‘zbekbirlashuv (o‘rtoq Volkov), O‘rta Osiyo temir yo‘l boshqarmasi (o‘rtoq Jeltouxov), “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi (o‘rtoq Rafiqov), O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi (o‘rtoq Axmetov) rahbarlari o‘z tasarruflaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning tovar-moddiy boyliklarni respublikadan tashqariga olib chiqib ketish yuzasidan belgilangan tartibga rioya qilishlari uchun shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida ogohlantirilsin hamda ulardan xomashyo va mahsulotlarni g‘ayriqonuniy olib chiqib ketishga ko‘maklashayotgan, shu maqsadlar uchun transport ajratishda suiistemolchilikka yo‘l qo‘yayotgan shaxslarga nisbatan eng qattiq jazo choralarini ko‘rish talab qilinsin.
4. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rahbarlari:
— o‘z tasarruflaridagi korxonalarda va eng avvalo, kichik va qo‘shma korxonalarda, tashkilotlarda, muassasalarda tovar-moddiy boyliklarning respublikadan tashqariga olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq ishlarning ahvolini chuqur tahlil qilsinlar, xomashyo va mahsulotlarni g‘ayriqonuniy olib chiqib ketish hollariga yo‘l qo‘ymaydigan puxta choralar ko‘rsinlar, respublika Hukumati tomonidan belgilangan amaldagi tartibni ta’minlasinlar;
— komissiyalarning tovar-moddiy boyliklarni olib chiqib ketish masalasi bo‘yicha ishlarini faollashtirsinlar, ularning tarkibiga bojxona xizmati, huquqni himoya qilish organlari vakillarini kiritsinlar;
— ishlarning ahvolini muntazam ravishda ko‘rib borsinlar hamda xomashyo, mahsulotlarni respublikadan tashqariga olib chiqib ketish yuzasidan belgilangan tartibning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qattiq choralar ko‘rsinlar. Tovar-moddiy boyliklarning g‘ayriqonuniy olib chiqib ketilishiga ko‘maklashayotgan, transportdan to‘g‘ri foydalanishda tegishli nazoratni amalga oshirmayotgan tasarrufdagi korxonalar, tashkilotlar va xo‘jaliklarning rahbarlarini egallab turgan lavozimidan bo‘shatishgacha jazo choralarini ko‘rsinlar.
5. O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi Moliya vazirligi, Davlat soliq bosh boshqarmasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga xomashyo va mahsulotlarni g‘ayriqonuniy olib chiqib ketishning oldini olishni, musodara qilingan tovar-moddiy boyliklarning sotilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatishni, vazirliklar va idoralarning, mahalliy boshqaruv organlarining respublika ichki bozorini himoya qilish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirib borishni, ma’muriy va iqtisodiy choralar kompleksini nazarda tutuvchi takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
— o‘z faoliyatini asosan xomashyo, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari respublikadan tashqariga g‘ayriqonuniy olib ketilishining oldini olishga qaratsin. Olib ketilayotgan yuklarga deklaratsiya tuzishning va ularning olib chiqib ketilishi qonuniy ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishning, respublikadan tashqariga yuklarni olib ketuvchi avtotransport vositalari, harakatdagi temir yo‘l sostavi, aviatsiya va daryo kemalarini tekshirish bo‘yicha ishlarning puxtaligini ta’minlasin, ushlangan yuklarning belgilangan tartibda saqlanishi va topshirilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
— mahsulotlarni tegishli ruxsatnomasiz olib chiqib ketishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida mehnat jamoalari o‘rtasida, yashash joylarida, ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini muntazam olib borsin;
— kadrlar bilan ishlashni, ularni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlarini yaxshilasin, bojxona xizmati xodimlarining o‘z xizmat mavqelarini suiiste’mol qilishlarini, vakolatlarini oshirib yuborishlarini istisno qiluvchi ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsin;
— vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan o‘zaro mustahkam hamkorlikni faollashtirsin. Respublika tashqarisiga olib chiqib ketilayotgan tovar-moddiy boyliklarning har bir ushlab qolinish hollari haqida ularni shoshilinch ravishda xabardor qilsin, birgalikda ko‘rib chiqsin va tegishli chora-tadbirlar qabul qilsin.
7. O‘zbekiston Davlat teleradiokompaniyasiga, respublika gazetalari tahririyatlariga ichki bozorni himoya qilish muammolarini, tovar-moddiy boyliklarni respublikadan tashqariga g‘ayriqonuniy olib chiqib ketish bo‘yicha aniqlangan hollarga doir materiallarni ko‘proq yoritish tavsiya qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat nazorati qo‘mitasidan, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudidan ishlarni kuchaytirish hamda qonunlarga rioya qilinishi va respublika Hukumatining ichki iste’mol bozorini himoya qilish haqidagi qarorlarining bajarilishi, tovar-moddiy boyliklarni g‘ayriqonuniy olib chiqib ketish haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sudlarning faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, g‘ayriqonuniy olib chiqib ketishlarni aniqlash, bunga ko‘maklashuvchi shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish so‘ralsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi majmuilarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-sentabr,
452-son