O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish to‘g‘risida
Opera san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirish, yosh avlod vakillariga o‘rgatish, ularga milliy va jahon klassik musiqasining noyob namunalaridan bahramand bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, opera san’ati bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 24-son bolalar musiqa va san’at maktabi negizida opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat (keyingi o‘rinlarda — maktab-internat) tashkil etish;
maktab-internat uchun qo‘shimcha bino va inshootlar, shu jumladan, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona, 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
maktab-internat O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab maktab-internatning 8-sinfiga 25 nafar o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga maktab-internatning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) 2021-yil 1-iyunga qadar:
maktab-internatni jihozlash uchun musiqa cholg‘ulari va uskunalarining texnik parametrlarini ishlab chiqish;
maktab-internatning ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash;
b) 2021-yil 1-sentabrga qadar maktab-internatning samarali faoliyat ko‘rsatishini hamda uni tanlov asosida malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash;
maktab-internatni darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda:
bir oy muddatda maktab-internatga bino va inshootlar qurilishi uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratilishini ta’minlasin;
2021-yil 1-avgustga qadar maktab-internat bino va inshootlarini foydalanishga topshirish choralarini ko‘rsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi maktab-internatning bino va inshootlarini qurish hamda jihozlash ishlarining moliyalashtirish manbalarini belgilash maqsadida ikki oy muddatda tegishli qaror qabul qilsin. Bunda quyidagilarni nazarda tutsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining qo‘shimcha manbalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
6. Belgilab qo‘yilsinki, maktab-internatni joriy saqlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti xarajatlar parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi, 2022-yildan boshlab esa xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-sentabr,
595-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 09/20/595/1346-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)