O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINI DEMOKRATIYALAShTIRISh VA QO‘LLAB-QUVVATLASh IJTIMOIY SIYOSIY JAMG‘ARMASI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 698-sonli “Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy siyosiy jamg‘armasi to‘g‘risida” 1996-yil 8-noyabrdagi 394-son qarorini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ommaviy axborot vositalari faoliyatida demokratiyani rivojlantirishga, axborot makonini kengaytirishga, jurnalistlarning ijodiy faolligini oshirishga ko‘maklashish ularning huquqini va ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek davriy bosma nashrlarning tele, radio, kino, videodasturlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi.
1. Jamoat tashkilotlari muassasalar, gazetalar, jurnallar, televideniye va radio tahririyatlari tomonidan O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratiyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy siyosiy jamg‘armasi tashkil etilishi ma’qullansin.
Jamg‘arma Ustavining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi hamda keng jamoatchilik ushbu Jamg‘armaning tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jamg‘armaning sa’y-harakatlari quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi hisobga olinsin:
ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish ularning demokratiya va so‘z erkinligining haqiqiy muassasalari sifatidagi o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish davriy matbuot tele, radio, video, hujjatli kino va boshqa axborot materiallari islohotlar yo‘lini faol o‘tkazuvchilariga yangi tafakkurni shakllantirishning ta’sirchan vositasiga odamlarning fikr va irodasining xolis ifodalovchisiga aylanishi uchun ularning erkin tayyorlanishini va tarqalishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy negizini mustahkamlash jurnalistlarning yuridik ijtimoiy-iqtisodiy va ijodiy huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini, ularning manfaatlarini himoya qilish;
jurnalistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning mahorati va fuqarolik faolligini oshirish, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan kasb tajribasi ayirboshlashni yo‘lga qo‘yish uchun shart-sharoitlar yaratish, matbuot klublari, boshqa ijodiy birlashmalar tashkil etish;
ommaviy axborot vositalari faoliyatini moliyaviy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratiyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasi ilgari qabul qilingan majburiyatlar, tuzilgan shartnomalar, kontraktlar va ularga tegishli mol-mulk bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi matbuotini ko‘llab-quvvatlovchi jamg‘arma va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. Bir qator vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik organlari va jamoat tashkilotlari Jamg‘armaning muassislari bo‘lganligi hamda unga moliyaviy va moddiy-texnikaviy yordam ko‘rsatayotganligi ma’qullansin.
O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 25 mln. so‘m ajratilsin.
5. Quyidagilarga rozilik berilsin:
Jamg‘arma o‘z Ustavida nazarda tutilgan ishlab chiqarish va boshqa tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga egadir;
Jamg‘armaning ijro etuvchi apparati Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 30-uyga joylashtiriladi.
6. Jamg‘arma, uning bo‘limlari, filiallari va uning tuzilmasiga kiruvchi korxonalar, bo‘sh qolgan mablag‘larni o‘z moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga va jurnalistlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish sharti bilan, soliqlarning barcha turlaridan 3 yilga ozod qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Jamg‘armani tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazsinlar hamda milliy va xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun Jamg‘armaning tegishli schyotlarini ochsinlar.
8. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratiyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasi tomonidan Matbuot klubi tashkil etiladi.
“Sharq” nashriyot-matbaa konserni Matbuot klubini Toshkent shahar, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uyga ijara haqisiz joylashtirsin va uning ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamg‘armaga uning joylarda bo‘limlari va filiallarini tashkil etishga hamda ularning ishlashi uchun zarur sharoitlar yaratishga har tomonlama ko‘maklashsinlar.
10. “O‘zavtosanoat” uyushmasining Jamg‘armaga va unga qarashli tashkilotlarga 2 ta “Neksiya”, 3 ta “Damas”, 1 ta “Damas” (yuk avtomashinasi), 10 ta “Tiko” avtomashinasini budjet tashkilotlari uchun nazarda tutilgan narxlarda sotishiga ruxsat berilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Jamg‘arma boshqaruvini va Matbuot klubini shahar hamda qo‘shimcha Hukumat telefon aloqasi bilan ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi matbuotini qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘arma faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1993-yil 11-sentabrdagi 451-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 8-noyabr,
394-son