Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida xalqaro darajadagi mehmonxona qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent shahrida xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun shahar infratuzilmasini yanada takomillashtirish, biznes-turizmni faol rivojlantirish, shuningdek, poytaxt mehmonlari uchun yuqori qulaylik sharoitlarini yaratish maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda “Hayatt Interneshnl (Yevropa, Afrika, Yaqin Sharq)” (Shvetsariya) kompaniyasi oʻrtasida Toshkent shahrida yuqori toifali mehmonxona qurish va uni xalqaro standartlarga muvofiq ekspluatatsiya qilishni taʼminlash maqsadida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishilganligi;
“Hayatt Interneshnl” kompaniyasi mehmonxonani loyihalashtirish, qurish va jihozlash davrida texnik maslahat xizmatlarini, mehmonxonani boshqarish xizmatlarini, “Hayatt Ridjensi” savdo belgisidan foydalanish huquqini, shuningdek, mehmonxona foydalanishga topshirilgandan soʻng 5 million AQSh dollari miqdorida bepul grant taqdim etishni maqsad qilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining quyidagi takliflari maʼqullansin:
Toshkent shahrida, A. Navoiy koʻchasida 2012-2013-yillarda umumiy smeta qiymati ekvivalentda 113 million AQSh dollariga teng boʻlgan, 294 xonali yuqori toifali mehmonxona qurilishini 2013-yilning IV choragida foydalanishga topshirish;
Toshkent shahar hokimligi huzurida mehmonxona qurilishini tashkil etish va keyinchalik uni boshqarish uchun “Poytaxt qurilish va xizmat” davlat unitar korxonasini tashkil etish.
3. Loyihalashtirish, qurilish, “Hayatt Interneshnl” kompaniyasi va jalb etiladigan maslahatchilar xizmatlariga toʻlovlar, shuningdek, mehmonxonani muhandislik uskunalari va mebellar bilan jihozlash xarajatlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar, Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturida nazarda tutilgan, ekvivalentda 71 million AQSh dollari, shu jumladan “Poytaxt qurilish va xizmat” DUKning ustav fondiga kiritiladigan ekvivalentda 5 million AQSh dollari;
“Poytaxt qurilish va xizmat” DUKga 12 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 3 foiz stavkada, qayta moliyalashtiruvchi bankning 1 foiz marjasi bilan beriladigan Oʻzbekiston Milliy banki orqali qayta moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 42 million AQSh dollari miqdoridagi krediti.
4. Toshkent shahrida yuqori toifali mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirish doirasida:
mehmonxonani loyihalashtirish va qurish buyurtmachisi — “Poytaxt qurilish va xizmat” DUK;
bosh loyihachi — “Toshgiprogor” AJ;
bosh pudratchi — “12-trest” AJ etib belgilansin.
5. Toshkent shahrida yuqori toifali mehmonxonaning qurilishini amalga oshirish va belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish uchun quyidagilarga ruxsat berilsin:
2013-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda mehmonxona qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida import kontraktlarining yuklashdan oldingi inspeksiyasini va ekspertizasini belgilangan tartibda oʻtkazgan holda buyurtmachi va bosh pudratchiga — yetkazib beruvchilarning tijorat takliflari asosida tender savdolarini oʻtkazmasdan tovarlar (xizmatlar) xaridini amalga oshirish;
buyurtmachiga — “Hayatt Interneshnl” kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuvlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda maslahatchilarni, shu jumladan xorijiy maslahatchilarni shartnoma asosida jalb etish;
bosh loyihachi va bosh pudratchiga — buyurtmachi bilan kelishgan holda yuqori toifali mehmonxonalarni loyihalashtirish, qurish va jihozlashga ixtisoslashgan mahalliy va xorijiy subpudrat tashkilotlarini jalb etish;
buyurtmachiga — mehmonxona qurilishi doirasida import qilinadigan tovarlar va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatini toʻlash uchun bosh loyihachi va bosh pudratchiga xorijiy valyutada toʻlovlarni amalga oshirish.
6. Toshkent shahar hokimligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy banki va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2012-yil 1-mayga qadar quyidagilarni taʼminlasin:
“Hayatt Interneshnl” kompaniyasi bilan mehmonxonani boshqarish va “Hayatt Ridjensi” savdo belgisidan foydalanish huquqini berish boʻyicha shartnomaning asosiy shartlari toʻgʻrisida kelishuv tuzish;
mehmonxona qurilishining qiymati boʻyicha xalqaro ekspertiza oʻtkazish;
“Hayatt Interneshnl” kompaniyasi bilan kelishgan holda yuqori toifali mehmonxonalar qurilishini qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashgan xalqaro ekspertlarni jalb qilish.
7. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davarxitektqurilishi vakolatli ekspertiza organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2012-yil 15-mayga qadar yuqori toifali mehmonxonaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
8. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Toshkent shahrida, A. Navoiy koʻchasida yuqori toifali mehmonxona qurilishi uchun “Poytaxt qurilish va xizmat” DUKga yer uchastkasini ajratishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davarxitektqurilishi Toshkent shahrida mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha ekspert yordamini va olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifatini nazorat qilishni belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. “Poytaxt qurilish va xizmat” DUK, “Toshgiprogor” OAJ, “12-trest” OAJ va ularning subpudrat tashkilotlari mehmonxonani loyihalashtirish va qurish davrida quyidagi toʻlovlardan ozod qilinsin:
bajariladigan loyiha va qurilish-montaj ishlari hajmlari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar (budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan tashqari);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha mehmonxona qurilishi va jihozlanishi uchun olib kelinadigan, shu jumladan “vaqtinchalik olib kirish” rejimida olib kelinadigan uskuna, qurilish texnikasi, qurilish materiallari va butlovchi buyumlar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa tovarlar uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno).
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzqurilishmateriallari” AK, “Oʻzneftmahsulot” AK mehmonxona qurilishi uchun “12-trest” OAJga asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha sement, metall prokatni tartibga solingan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida va yoqilgʻi-moylash materiallarini — birja kotirovkalarining oʻrtacha tortilgan narxlarida ajratishni nazarda tutsin.
12. Mazkur qarorning ijrosi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 1-mart,
PQ-1719-son