O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKADA SAVDONI ERKINLAShTIRIShNI TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Respublikada savdoni erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1994-yil 14-dekabrdagi 604-son qarori bilan tovarlarning, shu jumladan oziq-ovqat tovarlarning narxlari erkinlashtirilishini tugallash va 1995-yil 1-yanvardan boshlab to‘liq erkinlashtirishni ta’minlash nazarda tutilgan edi.
Shu bilan birga aholini eng zarur tovarlar bilan ta’minlashda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va savdo xodimlari tomonidan suiiste’mol qilishlarning oldini olish maqsadida kundalik ehtiyoj tovarlarining savdoda erkin narxlar bo‘yicha mavjud bo‘lishi va sotilishi uchun shaxsiy javobgarlik viloyatlar, shaharlar va tumanlarning birinchi rahbarlari va Bosh vazirning o‘rinbosari M. Z. Usmonov zimmasiga yuklangan edi.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, mazkur qarorning bajarilishini ta’minlash, aholi ta’minotida qat’iy tartib o‘rnatish, qishga zarur oziq-ovqat zaxiralari to‘plash o‘rniga viloyatlar, shaharlar va tumanlarning ayrim rahbarlari savdo korxonalarining rahbarlari bilan birgalikda tovarlarni belgilab qo‘yilgan shakllarda sotishga qaytishga qaratilgan qarorlar qabul qilmoqdalar va bu bilan joylarda aholiga xizmat ko‘rsatishning bozor shakllariga o‘tishni tushunmasliklarini, ba’zan esa xohlamasliklarini yana bir bor ko‘rsatmoqdalar.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari manfaatdor tashkilotlar ishtirokida joylarda zarur tekshirishlar o‘tkazsinlar hamda Vazirlar Mahkamasining “Respublikada savdoni erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1994-yil 14-dekabrdagi 604-son qarori so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar.
2. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari ko‘rsatib o‘tilgan qarorning tovarlar narxlari to‘liq erkinlashtirilishini ta’minlash yuzasidan so‘zsiz bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida ogohlantirilsinlar, aybdorlar esa javobgarlikka tortilib, egallab turgan lavozimlaridan bo‘shatilishi nazarda tutilsin.
3. Bosh vazir A. M. Mutalov, Bosh vazirning o‘rinbosari M. Z. Usmonov savdoda bozor normalariga rioya qilish va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsinlar hamda qabul qilingan qonunlar va normativ hujjatlarning bajarilishi uchun javobgarlikni oshirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. M. Mutalov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-fevral,
24-son