Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi PREZIDENTINING
qarori
Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi bilan moliyaviy hamkorlikda “Elektron hukumat tizimida maʼlumotlarni qayta ishlash markazini yaratish” investitsiya loyihasini amalga oshirishning ustuvor chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Elektron hukumat” tizimining texnologik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, idoralararo axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini joriy etishni jadallashtirish, shuningdek, Koreya Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
2015-yil 28-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Koreya Respublikasi Strategiya va moliya vazirligi oʻrtasida Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda EDCF deb ataladi) bilan 2015 — 2019-yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturini joriy etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, unda “Elektron hukumat” tizimi maʼlumotlarini qayta ishlash markazini tashkil etish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga oʻn yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda 40 yil muddatga 27,0 mln AQSH dollariga teng miqdorda EDCF imtiyozli qarzi taqdim etish nazarda tutilgan;
2016-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Eksport-import banki oʻrtasida “Elektron hukumat” tizimining maʼlumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish boʻyicha qarz bitimi imzolandi.
2. Belgilansinki, “Elektron hukumat” tizimi maʼlumotlarini qayta ishlash markazini tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki EDCF imtiyozli qarzidan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha moliya agenti hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi EDCF imtiyozli qarzidan maqsadli foydalanilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi agent hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi DUK masʼul ijrochi hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish davri va yakuniy qiymati texnik-iqtisodiy hisob-kitobni tasdiqlashda aniqlanadi;
asosiy qarzni qaytarish, foizlar, vositachilik haqini toʻlash va EDCF imtiyozli qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa xarajatlar bilan bogʻliq xarajatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
“Elektron hukumat” tizimining maʼlumotlarga ishlov berish markazi elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining idoraviy va idoralararo axborot tizimlari hamda axborot resurslari, elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari saqlanishini va integratsiya qilinishini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzinfokom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan investitsiya loyihasi boʻyicha EDCF imtiyozli qarz mablagʻlaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish yuzasidan agentlik bitimini imzolash vakolati berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Eksport-import banki oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha yuridik xulosa bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Koreya Respublikasining vakolatli banki bilan EDCF imtiyozli zayomidan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha banklararo bitim tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitobi ishlab chiqilishi, kelishilishi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.
7. “Elektron hukumat” tizimining Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Fargʻona yoʻli koʻchasi, 15-uy manzilidagi binoga joylashtirilsin.
8. Qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) mablagʻlari hisobiga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan va sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-fevral,
PQ-2783-son