Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida zamonaviy radiouskunalar ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Vazirliklar va idoralar, maxsus va kommunal xizmatlar boʻlinmalarining samarali hamkorligi, ularni sifatli uzluksiz aloqa va mos keladigan asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasida import oʻrnini bosuvchi yuqori texnologiyali radiouskunalar va radioaloqa vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-13-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga Davlat tashrifi davomida “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ va Xitoyning “Hytera Communications Co., Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida yillik quvvati 20 ming dona boʻlgan “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJda radiouskunalar va radioaloqa vositalari ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) imzolanganligi, unda quyidagilar nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
I bosqichda (2017-yil oxirigacha) — radiouskunalar va radioaloqa vositalarini (keyingi oʻrinlarda — radiouskunalar) yirik uzelli (SKD) yigʻish;
II bosqichda (2018-yil oxiriga qadar) — radiouskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini kamida 36 foizga yetkazish;
III bosqichda (2019-2020-yillar davomida) — Xitoyning “Hytera Communications Co., Ltd.” kompaniyasi investitsiyalarini jalb qilgan holda radiouskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 60 foizga yetkazish.
2. “Oʻzeltexsanoat” AK, “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligining:
loyihaning I bosqichini “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ hududida Toshkent shahri, Tallimarjon koʻchasi, 1-uyda tashkil etish;
loyihaning II va III bosqichlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalari hududida “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJga belgilangan tartibda ishlab chiqarish maydonlari ajratish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzeltexsanoat” AK uch oy muddatda loyihaning II va III bosqichlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalari hududidagi tegishli ishlab chiqarish maydonlarini belgilangan tartibda “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJga berish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelishilgan taklif kiritsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va tashqi infratuzilmani tayyorlash, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, jalb etiladigan kreditlarni qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. “Oʻzeltexsanoat” AK:
“Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ bilan birgalikda bir hafta muddatda loyihaning I bosqichi biznes-rejasini ishlab chiqilishi, 2018-yilning I choragi yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga loyihaning II va III bosqichlarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar kiritilishini;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda har yili 1-sentabrgacha kelgusi yilda mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirish uchun radiouskunalar modellari va soni aniqlanishini taʼminlasin.
7. “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ tomonidan radiouskunalarni ishlab chiqarish, shuningdek, ularga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va montaj qilish jarayonida respublikada ishlab chiqarilmaydigan, bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari)dan ozod qilingan holda 2019-yil 1-yanvarga qadar olib kiriladigan uskunalar, materiallar va butlovchi buyumlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq radiouskunalarni ishlab chiqarish, shuningdek ularga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va montaj qilish uchun olib kelinadigan asbob-uskunalar, materiallar va butlovchi buyumlardan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq radiouskunalarni ishlab chiqarish, shuningdek ularga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va montaj qilish uchun olib kelinadigan asbob-uskunalar, materiallar va butlovchi buyumlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonun hujjatlarida belgilangan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi.
9. “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ:
radiochastotalar polosasini ajratish;
radiouskunalarni ishlab chiqish uchun — eskiz yoki eskiz-texnik loyihalashni tugallash bosqichidan kechiktirmay;
radiouskunalarni ishlab chiqarish uchun — ishlanmalar yakunlangandan hamda tajriba namunalari sinovdan oʻtkazilgandan soʻng;
radioelektron vositalar, ularning qismlarini, shu jumladan butlovchi buyumlarni chet eldan olib kelish uchun — yetkazib beruvchi bilan muzokaralar olib borish davrida, ularni yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Radiochastotalar boʻyicha respublika kengashiga belgilangan tartibda oʻz vaqtida arizalar taqdim etilishini taʼminlasin.
10. Quyidagilar:
ikkinchi navbatda — “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va ularning tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
keyinchalik — boshqa vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar radiouskunalarga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirishi lozimligi belgilab qoʻyilsin.
11. Birinchi va ikkinchi navbatdagi isteʼmolchilarga, istisno tariqasida, “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ bilan quyidagilar boʻyicha tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin:
shartnoma summasining 100 foizi miqdorida oldindan haq toʻlash sharti bilan radiouskunalar xarid qilish;
radiouskunalarning butlovchi va ehtiyot qismlari, shu jumladan import boʻyicha olib kelinadiganlarini sotib olish;
radiouskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash;
“Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan radiouskunalarni qoʻllagan holda radioaloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish va modernizatsiya qilish.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJning murojaatlari boʻyicha ishlab chiqarilayotgan radiouskunalar turlarini belgilangan tartibda sertifikatlashtirishni taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʼzelektroapparat-Electroshield” AJ buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan)ni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishi (muddati uzaytirilishini)ni taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov va “Oʻzeltexsanoat” AK boshqaruvi raisi F.X. Boqiyevlar zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-sentabr,
PQ-3255-son