Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Islom taraqqiyot banki ishtirokida qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 2017-2021-yillarda arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2017 ― 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish dasturini samarali amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qarori bilan maʼqullangan mazkur dasturni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli uzoq muddatli kreditlarini jalb etish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Islom taraqqiyot banki Direktorlar kengashi (keyingi oʻrinlarda — ITB deb ataladi) tomonidan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha deb ataladi) doirasida 2017 ― 2019-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar (keyingi oʻrinlarda — arzon uy-joylar deb ataladi) va unga tutash infratuzilmani qurishni moliyalashtirish uchun 300,0 mln. AQSH dollari miqdorida ITB moliyaviy mablagʻlarini bir necha transhda ajratish masalasi koʻrib chiqilmoqda;
loyihani amalga oshirish muddati 4 yilni (2017 ― 2020-yillar) tashkil etadi.
2. Belgilansinki:
Dasturni amalga oshirish doirasida loyihaning umumiy muvofiqlashtirilishi va monitoringi, ITB moliyaviy mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish va monitoring qilish agenti “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ hisoblanadi;
ITB moliyaviy mablagʻlarini, shu jumladan ustama haqni qaytarish “Qishloq qurilish bank” ATB (keyingi oʻrinlarda — ishtirok etuvchi tijorat banki deb ataladi) mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
loyihani amalga oshirish doirasida ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan quruvchilarga imtiyozli ipoteka kreditlarini berishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qarori bilan nazarda tutilgan “2017 ― 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi shartlari qoʻllaniladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi nomidan quyidagilarni imzolashga vakolatli etib belgilansin:
loyiha boʻyicha ITB bilan Istisno shartnomasi va agentlik shartnomasini;
loyiha boʻyicha ITB moliyaviy mablagʻlarini qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani ishtirok etuvchi tijorat banki bilan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda loyiha boʻyicha ITB bilan tuziladigan Istisno shartnomasi va agentlik shartnomasi yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
4. Loyiha boʻyicha jalb etilgan ITB moliyaviy mablagʻlaridan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish va ularni qaytarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-iyuldagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi doirasida Islom taraqqiyot bankining jalb etilgan moliyaviy mablagʻlaridan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish va ularni qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Quyidagi tartib oʻrnatilsinki:
“Qishloq qurilish invest” IK MCHJ loyiha amalga oshirilishi va monitoringi agenti sifatida Dastur doirasida arzon uy-joylar, suv taʼminoti obyektlari va avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha barcha ishlar majmuini tashkil etadi;
qurilgan arzon uy-joylar Oʻzbekiston Respublikasiga topshirilgunga qadar ularga boʻlgan mulk huquqi ITBda saqlanadi;
qurilgan arzon uy-joylarga boʻlgan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazilgandan soʻng quruvchilarga ishtirok etuvchi tijorat bankining ipoteka kreditlari rasmiylashtiriladi.
6. Loyihani amalga oshirish davrida, shuningdek kafolat muddati davomida quyidagilar ozod qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasining norezident yuridik shaxslarining (loyiha ijrochilarining) foyda soligʻidan;
loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining norezident jismoniy shaxslarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan;
ITB moliyaviy mablagʻlari hisobidan loyiha doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalariga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi, bojxona toʻlovlari, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar va yigʻimlarni toʻlashdan.
Yuqorida koʻrsatilgan imtiyozlar berilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasi Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qoʻshgan hissasi hisoblanishi belgilansin.
7. Loyihaning umumiy amalga oshirilishi ustidan nazorat va monitoring funksiyalari “Qishloq qurilish invest” IK MCHJda tashkil etilgan ITB ishtirokidagi loyihani amalga oshirish guruhiga (keyingi oʻrinlarda — LAG deb ataladi) yuklansin, bunda uning har yilgi xarajatlar smetasi shakllantirilib, u “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ tomonidan tasdiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-martdagi PQ-2812-son qarori bilan tashkil etilgan 2017 ― 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi ishtirokidagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya jarayonining barcha ishtirokchilari oʻrtasidagi hamkorlikni aniq muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Qishloq qurilish invest” IK MCHJning buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda kirish vizalarini rasmiylashtirishni taʼminlasin.
10. Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Qishloq qurilish invest” IK MCHJning buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasida koʻp martalik vizalarni berish va uzaytirishni, shuningdek vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirishni davlat boji undirmagan holda taʼminlasin.
11. Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Qishloq qurilish invest” IK MCHJning buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan) Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalarni belgilangan tartibda berish (uzaytirish), shuningdek koʻrsatilgan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalarni berish (uzaytirish)ni taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-mart,
PQ-2859-son