Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro manfaatli shartlarda investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasida keng iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashish istagida,
ushbu Bitim asosida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish sarmoya va texnologiyalar kirib kelishiga turtki boʻlishi hamda oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmak berishini tan olgan holda,
investitsiyalarga nisbatan adolatli va teng huquqli rejim ular uchun barqaror muhitni taʼminlash maqsadida zarur boʻlib, iqtisodiy resurslardan samarali foydalanishga hissa qoʻshishi va turmush darajasini yaxshilashini tasdiqlagan holda,
bu maqsadlarga sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va atrof-muhit boʻyicha umumiy qoʻllaniladigan choralarga, shuningdek, xalqaro tan olingan mehnat huquqlariga daxl qilmagan holda erishish mumkinligiga ishonch bildirib,
investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida bitim tuzishga qaror qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida davomiy iqtisodiy aloqalar oʻrnatish maqsadida uning qonunchiligiga muvofiq qoʻlga kiritilgan va investitsiya xususiyatlariga ega boʻlgan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq har qanday turdagi aktivni anglatadi hamda quyidagilarni oʻz ichiga oladi, biroq bu bilan cheklanib qolmaydi:
(a) koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek, ipoteka, lizing, garov kabi boshqa har qanday huquqlar hamda hududida mulk joylashgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq belgilangan shunga oʻxshash boshqa har qanday huquqlar;
(b) reinvestitsiya qilingan daromadlar;
(c) pul mablagʻlari yoki investitsiyalar bilan bogʻliq iqtisodiy qiymatga ega har qanday boshqa huquqlar boʻyicha talablar;
(d) ulushlar, qimmatli qogʻozlar yoki kompaniyalarda ishtirok etishning har qanday boshqa shakllari;
(e) sanoat va intellektual mulk huquqlari, shu jumladan, patentlar, sanoat namunalari, texnik jarayonlar, tovar belgilari, ishchanlik nufuzi (gudvill) va nou-xau;
(f) har bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq yoki shartnoma asosida qoʻlga kiritilgan tadbirkorlik konsessiyalari, shu jumladan, tabiiy resurslar bilan bogʻliq konsessiyalar.
Ushbu Bitim maqsadlarida investitsiya faqatgina bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan tovarlar sotish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tijorat bitimlaridan yoxud Ahdlashuvchi Tomonga yoki davlat korxonasiga beriladigan qarzdan, bank akkreditividan yoki savdoni moliyalashtirish kabi tijorat faoliyati bilan bogʻliq kreditni kengaytirishdan kelib chiqadigan pul mablagʻlariga nisbatan talablar hisoblanadigan aktivlarni oʻz ichiga olmaydi.
Ushbu Bitim doirasida investitsiya sifatida tavsiflanishi uchun aktivlar sarmoya yoki boshqa resurslarni sarflash majburiyati, foyda yoki daromad olishni kutish, tavakkalchilik qilish, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon taraqqiyoti uchun ahamiyatga ega boʻlish kabi investitsiya xususiyatlarini oʻzida aks ettirishi lozim.
2. “Investor” atamasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga investitsiya qilgan quyidagi shaxslarni anglatadi:
(a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxs;
(b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq tuzilgan yoki taʼsis etilgan hamda uning hududida joylashgan va tijorat faoliyatining sezilarli qismi ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boʻlgan yuridik shaxs.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiya yoki reinvestitsiyadan olingan mablagʻlarni, shu jumladan, foyda, foizlar, sarmoyalarning oʻsishidan keladigan foyda, royalti, mukofotlar va dividendlarni anglatadi, biroq bu bilan cheklanib qolmaydi.
4. “Hudud” quyidagilarni anglatadi:
(a) Turkiya Respublikasiga nisbatan, quruqlikdagi hudud, ichki suvlar, hududiy dengiz va ular ustidagi samoviy hudud, shuningdek, xalqaro huquqqa muvofiq jonli va jonsiz tabiiy resurslarni tadqiq qilish, ekspluatatsiya qilish va saqlash uchun Turkiya suveren huquqlar va yurisdiksiyaga ega boʻlgan dengiz hududlari.
(b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan, hudud, shu jumladan, quruqlikdagi hudud, ichki suvlar, hududiy dengiz va ular ustidagi samoviy hudud, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquq va oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq dengiz tubi, yer osti va dengiz usti suv resurslarini tadqiq qilish va ekspluatatsiya qilish uchun suveren huquqlarga ega boʻlgan hududiy dengizdan tashqaridagi har qanday hudud.
5. “Har bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligi” har bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida yuridik majburiy xususiyatga ega boʻlgan qonunlar, nizomlar, qoidalar, farmon va qarorlarni anglatadi.
2-modda
Qoʻllanilish sohasi
Qoʻllanilish sohasi
Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga uning qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari tarafidan mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar yoki undan keyin amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi. Biroq, ushbu Bitim uning kuchga kirish sanasidan oldin vujudga kelgan har qanday investitsiyalarga oid nizolarga yoki sodir boʻlgan har qanday harakat yoxud faktga yoki ungacha yakunlangan har qanday holatga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligiga muvofiq oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari investitsiyalarini imkon qadar ragʻbatlantiradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga nisbatan oʻz qonunchiligiga muvofiq toʻliq himoya va xavfsizlikni hamda adolatli va teng huquqli rejim taqdim etilishini taʼminlaydi. Hech bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati xududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini boshqarish, saqlash, ulardan foydalanish, ularni amalga oshirish, kengaytirish, sotish, tugatish yoki tasarruf etishga asossiz yoki kamsituvchi choralar koʻrish orqali biror bir tarzda toʻsqinlik qilmaydi.
4-modda
Investitsiyalar rejimi
Investitsiyalar rejimi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligi doirasida investitsiyalarni har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga shu kabi vaziyatlarda taqdim qilingandan kam boʻlmagan qulay asoslarda oʻz davlati hududiga kiritadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu kiritilgan investitsiyalarga ularni boshqarish, saqlash, ulardan foydalanish, ularni yuritish, ishlatish, kengaytirish, sotish, tugatish yoki tasarruf etishga nisbatan oʻz investorlarining yoki har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga shu kabi vaziyatlarda taqdim qilingan rejimlardan qay biri eng qulay boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni takdim etadi.
(a) Mazkur modda qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan biriga soliqqa tortishga toʻliq yoki qisman taalluqli boʻlgan xalqaro shartnoma yoki kelishuvlarga muvofiq beriladigan har qanday rejim, preferensiya va imtiyozlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga nisbatan tatbiq qilish boʻyicha majburiyat yuklaydi deb talqin qilinmasligi lozim.
(b) Ushbu Bitimning kamsitmaslik, milliy rejim va eng qulay rejim tugʻrisidagi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona ittifoqi, iqtisodiy yoki valyuta ittifoqi, umumiy bozor yoxud erkin savdo zonasiga aʼzoligidan yoki ular bilan bogʻliqligidan kelib chiqadigan hamda oʻzining yoxud bunday ittifoqlar, umumiy bozor yoki erkin savdo zonasiga aʼzo-davlatlarning yoxud har qanday uchinchi davlatlarning fuqarolari va kompaniyalariga taqdim qilinadigan barcha amaldagi yoki kelgusidagi afzalliklarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
(s) Ushbu Bitimning eng qulay rejim toʻgʻrisidagi qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari oʻrtasidagi nizolarni hal etishga nisbatan tadbiq etilmaydi.
(d) Ushbu Bitimning 3- va 4-moddalari qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomonga oʻz investorlarining investitsiyalariga nisbatan yer va koʻchmas mulkka egalik qilish hamda ularga boʻlgan ashyoviy huquqlar yuzasidan taqdim etiladigan rejimni boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari investitsiyalariga bir xilda taqdim qilish majburiyatini yuklamaydi.
5-modda
Umumiy istisnolar
Umumiy istisnolar
1. Ushbu Bitimdagi hech bir qoida biror Ahdlashuvchi Tomonning kamsitishni nazarda tutmaydigan har qanday huquqiy choralarni qabul qilishi, qoʻllab-quvvatlashi yoki tatbiq etishiga toʻsqinlik qiladigan tarzda talqin qilinmasligi lozim, basharti ular:
(a) inson, hayvonot yoki oʻsimliklar hayoti va sogʻligʻi yoxud atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ishlab chiqilgan va qoʻllaniladigan boʻlsa;
(b) jonli va jonsiz tugaydigan tabiiy resurslarni saqlash bilan bogʻliq boʻlsa.
2. Ushbu Bitimda hech bir qoida quyidagicha talqin qilinmasligi lozim:
(a) bir Ahdlashuvchi Tomondan u oshkor qilish oʻzining muhim xavfsizlik manfaatlariga zid deb hisoblagan har qanday maʼlumotlarni taqdim etishni yoki ularga ega boʻlishga ruxsat berishni talab qiladigan sifatida;
(b) bir Ahdlashuvchi Tomonga u oʻzining muhim xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb hisoblagan har qanday harakatlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan sifatida, basharti bunday harakatlar:
(i) qurollar, oʻq-dorilar va urush vositalarining noqonuniy muomalasiga hamda harbiy yoki xavfsizlik tuzilmalarini bevosita yoki bilvosita taʼminlash maqsadida bajarilayotgan boshqa tovarlar, materiallar, xizmatlar va texnologiyalarning noqonuniy muomalasi va operatsiyalariga nisbatan amalga oshirilayotgan boʻlsa;
(ii) xalqaro munosabatlarda urush yoki boshqa favqulodda vaziyatlar vaqtida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
(iii) yadroviy qurollar yoki boshqa yadroviy portlovchi qurilmalarni tarqatmaslik boʻyicha milliy siyosat yoxud xalqaro bitimlarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlsa;
(iv) noqonuniy faoliyatga nisbatan amalga oshirilayotgan boʻlsa.
(s) bir Ahdlashuvchi Tomonni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi doirasidagi majburiyatlari boʻyicha harakatlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan sifatida.
3. Bunday choralarni qabul qilish, qoʻllab-quvvatlash yoki tatbiq etish asossiz tarzda amalga oshirilmasligi yoxud boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan yashirin cheklovdan iborat boʻlmasligi lozim.
6-modda
Ekspropriatsiya va kompensatsiya
Ekspropriatsiya va kompensatsiya
1. Investitsiyalar ekspropriatsiya qilinmaydi, davlat mulkiga aylantirilmaydi yoki oʻxshash oqibatlarga olib keladigan boshqa choralar (keyingi oʻrinlarda — “ekspropriatsiya”) ularga nisbatan bevosita yoxud bilvosita qoʻllanilmaydi, kamsitilmaydigan tarzda tezkor, mutanosib va samarali kompensatsiya toʻlovini amalga oshirgan holda qonunda belgilangan tartibda va ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan rejimlarning umumiy tamoyillariga muvofiq jamoat maqsadlarida amalga oshiriladigan choralar bundan mustasno.
2. Sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va atrof-muhit kabi jamoat farovonligi qonuniy maqsadlarini himoya qilish uchun ishlab chiqiladigan va qoʻllaniladigan kamsituvchi boʻlmagan xuquqiy choralar bilvosita ekspropriatsiya deb hisoblanmaydi.
3. Kompensatsiya toʻlovi investitsiyaning ekspropriatsiya qilinishidan yoki bu haqda ommaga maʼlum boʻlishidan oldin belgilangan bozor qiymatiga teng boʻlishi lozim. Kompensatsiya toʻlovi oʻz vaqtida amalga oshirilishi va 8-moddaning 2-bandida belgilangan tartibda oʻtkazish uchun erkin bulishi lozim.
4. Kompensatsiya toʻlovi erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, kompensatsiya toʻlovi kechiktirilgan taqdirda u ekspropriatsiya qilingan kundan boshlab toʻlov amalga oshirilgan kunga qadar, ammo olti (6) oylik LIBOR stavkasidan kam boʻlmagan stavkada tegishli foizlarni oʻz ichiga oladi.
7-modda
Zararlarni qoplash
Zararlarni qoplash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlariga ularning investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida roʻy bergan urush yoki qurolli toʻqnashuv, inqilob, qoʻzgʻalon, ommaviy tartibsizlik yoxud shu kabi boshqa vaziyatlar oqibatida zarar koʻrgan taqdirda, mazkur zararlar yuzasidan ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon qabul qiladigan har qanday choralarga nisbatan oʻz investorlariga yoki uchinchi davlat investorlariga takdim qilingan rejimlardan qay biri eng qulay boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejim taqdim etiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga daxl qilmagan holda, bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari yuqorida koʻrsatilgan bandda belgilangan vaziyatlardan birida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida:
(a) uning qurolli kuchlari yoki organlari tomonidan mulklari rekvizitsiya qilinishi oqibatida zarar koʻrsa;
(b) uning qurolli kuchlari yoki organlari tomonidan mulklarining yoʻq qilinishi natijasida zarar koʻrsa va bu harbiy harakatlarda sodir boʻlmasa yoki vaziyat taqozosi bilan talab etilgan boʻlmasa;
investorlarga tezkor, mutanosib va samarali restitutsiya yoki kompensatsiya taʼminlanadi. Amalga oshiriladigan toʻlovlar erkin ayirboshlanadigan boʻlishi lozim.
8-modda
Repatriatsiya va pul oʻtkazmalari
Repatriatsiya va pul oʻtkazmalari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq tegishli soliq va yigʻimlar toʻlovi amalga oshirilgandan soʻng boshqa Ahddashuvchi Tomon investorlariga oʻz davlati xududida va undan tashqariga investitsiyalar bilan bogʻliq barcha pul oʻtkazmalarini erkin va oʻz vaqtida amalga oshirilishini vijdonan kafolatlaydi. Bunday oʻtkazmalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) investitsiyani saqlash yoki koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha sarmoyalar;
b) ushbu Bitimning 1-moddasi 3-bandida belgilangan Daromadlar;
c) investitsiyaning toʻliq yoki bir qismini sotishdan yoxud likvidatsiya qilishdan olinadigan tushumlar;
d) ushbu Bitimning 6- va 7-moddalariga muvofiq kompensatsiya toʻlovlari;
e) investitsiyalar bilan bogʻliq qarzlardan kelib chiqadigan xarajatlarni qoplash va foiz toʻlovlari;
f) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kiritilgan investitsiyalar bilan bogʻliq faoliyatlarga jalb etilgan va va ushbu davlat hududida tegishli ish ruxsatnomalariga ega boʻlgan fuqarolari oladigan oylik maoshi, ish haqi va boshqa toʻlovlar.
2. Pul oʻtkazmalari dastlab kiritilgan investitsiyaning ayirboshlanadigan valyutasida yoki basharti investor bilan qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida boshqacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, pul oʻtkazish sanasida amalda boʻlgan ayirboshlash kursi boʻyicha har qanday boshqa ayirboshlanadigan valyutada amalga oshirilishi lozim.
3. Yuqoridagi 1- va 2-bandlardan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Tomon quyidagilar bilan bogʻliq oʻz davlati qonunchiligini odilona, kamsitmagan holda va vijdonan qoʻllash orqali pul oʻtkazmalarini kechiktirishi yoxud toʻxtatishi mumkin:
(a) bankrotlik, toʻlovga qobiliyatsizlik yoki kreditorlar huquqlarini himoya qilish;
(b) qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarish, ularning savdosi yoki ular bilan shugʻullanish;
(c) jinoyat va javobgarlikka tortiladigan qilmishlar;
(d) sud muhokamasi jarayonlarida sud buyruqlari yoki qarorlariga rioya etilishini taʼminlash.
9-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻz investorlarining investitsiyalarini notijorat xavflardan himoya qilish maqsadida umumiy sugʻurta yoki kafolat tizimiga ega boʻlsa hamda ushbu Ahdlashuvchi Tomon investori unga qoʻshilgan boʻlsa, mazkur investor va sugʻurtalovchi oʻrtasidagi sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga tegishli har qanday subrogatsiya boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan tan olinishi lozim.
2. Sugʻurtalovchi subrogatsiya asosida investor huquqlarini amalga oshirish va talablarining bajarilishini taʼminlash vakolatiga ega boʻladi hamda investitsiyalar bilan bogʻliq majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Subrogatsiya asosida taqdim qilingan huquq yoki talablar investorning dastlabki huquq yoki talablaridan oshib ketmasligi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomon va sugʻurtalovchi oʻrtasidagi nizolar ushbu Bitimning 10-moddasi qoidalariga muvofiq hal etiladi.
10-modda
Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Ushbu modda bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari oʻrtasida investorning birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kiritgan investitsiyasiga oid nizolarga, shu jumladan, investor yoki uning investitsiyasiga yoʻqotish yoki zarar keltirishga sabab boʻladigan mazkur Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitim doirasidagi oʻz majburiyatlarini bajarmasligi bilan bogʻliq nizolar, shuningdek, ushbu Bitimning 6- va 7-moddalariga muvofiq kompensatsiya toʻlovi miqdori, shartlari yoki tartibi hamda ushbu Bitimning 8-moddasida nazarda tutilgan pul oʻtkazmalari bilan bogʻliq nizolarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Ushbu modda nizolashuvchi investor investitsiya kiritilgan Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqaroligiga ega boʻlgan holatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasida uning investitsiyalariga oid nizolar haqida investor tomonidan batafsil maʼlumotlar keltirilgan holda investitsiyani qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonga yozma shaklda xabar qilinishi lozim. Investor va manfaatdor Ahdlashuvchi Tomon bunday nizolarni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan imkon qadar va vijdonan hal etishga intilishlari lozim.
4. Basharti ushbu nizolarni 3-bandda nazarda tutilgan yozma xabarnoma sanasidan soʻng olti (6) oy davomida muzokaralar yoʻli bilan hal etishning imkoni boʻlmasa, nizolar investorning tanloviga koʻra quyidagilardan biriga topshiriladi:
a) oʻz hududida investitsiya amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining vakolatli sudiga;
b) Davlatlar bilan boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari oʻrtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markazga (ICSID);
c) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (UNCITRAL) Arbitraj qoidalariga muvofiq tuzilgan “ad hoc” arbitraj tribunaliga;
d) nizolashuvchi tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishilgan taqdirda, har qanday boshqa arbitraj institutiga yoki arbitraj qoidalariga.
5. Qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon nizolashuvchi investordan nizoni xalqaro arbitrajga topshirishdan oldin ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligida belgilangan ichki maʼmuriy koʻrib chiqish protseduralariga murojaat etishni talab qilish huquqiga ega. Har qanday holatda bu mazkur koʻrib chiqish protseduralari tugallangan yoki tugallanmaganligidan qatʼi nazar, nizolashuvchi investorga ushbu moddaning 4-bandida nazarda tutilgan sudlardan biriga murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Agar nizo 4-bandga muvofiq Ahdlashuvchi Tomon davlatining vakolatli sudiga topshirilgan boʻlsa, investor bir vaqtning oʻzida xalqaro arbitrajga murojat qilishga haqli emas.
6. Investor mazkur moddaning 4-bandida koʻrsatilgan nizolarni hal qilish sudlaridan biriga yoki boshqasiga nizoni topshirgandan soʻng ushbu sudlardan birini tanlash yakuniy hisoblanadi.
7. Basharti investor nizoni keltirib chiqargan vaziyatlar haqida birinchi marotaba bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan sanadan besh (5) yil oʻtgan boʻlsa, nizo xalqaro arbitrajga topshirilishi mumkin emas.
8. Faqatgina qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan va samarali boshlangan investitsiyadan bevosita kelib chiqadigan nizolar ICSID yoki mazkur moddaning 4-bandi doirasida kelishilgan har qanday boshqa xalqaro nizolarni hal etish mexanizmi yurisdiksiyasiga taalluqli boʻladi.
9. Arbitraj tribunali oʻz qarorlarini ushbu Bitim qoidalariga, hududiga investitsiya kiritilgan nizoda ishtirok etuvchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga (shu jumladan, uning qonunlar kolliziyasiga oid qoidalariga) hamda ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tan olgan xalqaro huquqning tegishli prinsiplariga muvofiq qabul qiladi.
10. Arbitraj qarorlari nizoda ishtirok etuvchi barcha tomonlar uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati milliy qonunchiligiga muvofiq mazkur qarorni ijro etishi shart.
11. Investor bilan qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida davlat ulushi kam miqdorda boʻlgan yuridik shaxs oʻrtasidagi har qanday nizo mazkur moddaning 4-bandida koʻrsatilgan vakolatli organlar tomonidan xalqaro huquqqa muvofiq davlat immuniteti prinsipi asosida koʻrib chiqiladi.
11-modda
Imtiyozlarni rad etish
Imtiyozlarni rad etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning kompaniyasi hisoblanadigan investoriga va uning investitsiyalariga nisbatan ushbu Bitimda belgilangan imtiyozlarni berishda rad etishi mumkin, basharti ushbu kompaniya Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq tuzilgan yoki taʼsis etilgan boʻlib, uning hududida asosiy tadbirkorlik faoliyatini olib bormasa hamda Ahdlashuvchi Tomon hisoblanmaydigan tomonlarning investorlari yoxud rad etuvchi Ahdlashuvchi Tomon investorlari tarafidan boshqarilayotgan yoki egalik qilinayotgan boʻlsa.
2. Rad etuvchi Ahdlashuvchi Tomon imtiyozlarni berishda rad etishdan oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomonni imkon qadar xabardor etishi lozim.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimni talqin etish yoki qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni vijdonan va hamkorlik ruhida tez va odilona hal etishga intiladilar. Shu munosabat bilan, Ahdlashuvchi Tomonlar bu tarzda hal qilishga erishish uchun bevosita va konstruktiv muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldilar. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlari oʻrtasidagi nizolar boshlangan vaqtdan soʻng olti (6) oy mabaynida yuqorida belgilangan protseduralar orqali kelishuvga erisha olmasalar, nizolar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabi asosida uchta aʼzodan iborat boʻlgan arbitraj tribunaliga topshirilishi mumkin.
2. Talab qabul qilingandan boshlab ikki (2) oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan hakam tayinlaydi. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida hakamni tayinlay olmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon Xalqaro sud Prezidentidan ushbu tayinlovni amalga oshirishni soʻrashi mumkin.
3. Ushbu ikki hakam Rais sifatida uchinchi davlat fuqarosi boʻlgan uchinchi hakamni tayinlaydilar. Basharti ikkkala hakam ular tayinlanganidan soʻng ikki (2) oy mobaynida Raisni tayinlash boʻyicha kelishuvga erisha olmasalar, Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining soʻroviga muvofiq Xalqaro sud Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
4. Agar ushbu moddaning 2- va 3-bandlarida nazarda tutilgan holatlarda Xalqaro sud Prezidenti ushbu vazifani bajarish imkoniga ega boʻlmasa yoki u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, Xalqaro sud Vitse-prezidenti tayinlovni amalga oshiradi, basharti Vitse-prezident ham ushbu vazifani bajarish imkoniga ega boʻlmasa yoki u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, tayinlov Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarosi boʻlmagan Xalqaro sudning eng katta aʼzosi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Tribunal Rais tayinlanganidan boshlab uch (3) oy mobaynida ushbu Bitim qoidalariga muvofiq boʻlgan tartib-qoidalarni kelishib oladi. Bunday kelishuv mavjud boʻlmasa, tribunal xalqaro arbitraj protseduralarining umum tan olingan qoidalarini hisobga olgan holda tartib-qoidalarni ishlab chiqishni soʻrab Xalqaro sud Prezidentiga murojaat qiladi.
6. Agar boshqacha tarzda kelishilmagan boʻlsa, hujjatlarni topshirish va ishni koʻrib chiqish Rais tayinlangan sanadan boshlab sakkiz (8) oy mobaynida yakunlanishi lozim hamda tribunal qay biri keyinroq boʻlishiga qarab, oxirgi hujjat topshirilganidan yoki ishni koʻrish yakunlanganidan boshlab ikki (2) oy mobaynida oʻz qarorini qabul qiladi. Arbitraj tribunali qarorlari yakuniy va majburiy hisoblanib, koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Arbitraj tribunali oʻz qarorlarini mazkur Bitim va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida qoʻllaniladigan xalqaro huquq normalariga muvofiq qabul qiladi.
7. Rais va boshqa hakamlar tomonidan amalga oshirilgan sarf-xarajatlar hamda sud jarayonlari bilan bogʻliq boshqa chiqimlar Ahddashuvchi Tomonlar tarafidan teng tarzda qoplanadi. Biroq, tribunal lozim topgan taqdirda, xarajatlarning koʻproq qismini Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tarafidan toʻlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
8. Basharti aynan bir xil masala yuzasidan nizo 10-modda qoidalariga muvofiq xalqaro arbitraj tribunaliga topshirilgan va hali ham tribunalda koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, nizo boshqa xalqaro arbitraj tribunaliga topshirilmaydi. Mazkur qoida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida bevosita va konstruktiv muzokaralar oʻtkazishga daxl qilmaydi.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi
Bitimning kuchga kirishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan tegishli ichki huquqiy protseduralarni yakunlaganliklari toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali soʻnggi xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab 1992-yil 28-aprelda Toshkentda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati oʻrtasidagi kapital mablagʻlarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilishga doir Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi hamda ushbu Bitim uning oʻrnida qoʻllaniladi.
3. Ushbu Bitim oʻn (10) yillik muddat davomida amalda boʻladi va undan soʻng mazkur moddaning 5-bandiga muvofiq tugatilguniga qadar amal qilishda davom etadi.
4. Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra istalgan vaqtda yozma bayonnomalar orqali oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Oʻzgartish va qoʻshimchalar mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan aynan bir xil huquqiy protseduralarga muvofiq kuchga kiradi.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Bitimning dastlabki oʻn yillik muddati yakunlanishi bilan yoki undan soʻng istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonga bir yil oldin yozma xabarnoma berish orqali ushbu Bitimning amal qilishini tugatishi mumkin.
6. Ushbu Bitimning amal qilishini tugatish sanasiga qadar kiritilgan yoki egalik qilingan hamda Bitim tatbiq etiladigan investitsiyalarga nisbatan mazkur Bitimning boshqa barcha qoidalari uning amal qilishini tugatish sanasidan boshlab keyingi oʻn (10) yillik muddat davomida oʻz kuchida qoladi.
UShBUNI TASDIQLAGAN HOLDA, quyida imzo chekuvchi vakillar oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan lozim tarzda vakolatlangan holda, mazkur Bitimni imzoladilar.
Anqara shahrida 2017-yil 25-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)