Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zargarlik sanoatini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-noyabrdagi PQ-3388-sonli qaroriga muvofiq zargarlik hunarmandchiligini rivojlantirish, milliy anʼanalarni inobatga olgan holda zargarlik buyumlari turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, mahalliy zargarlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorda xaridorgirligi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-noyabrdagi PQ-3388-sonli qaroriga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda yagona tashkilotda birlashish yoʻli bilan “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasida ishtirok etishi mumkinligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga kiradigan yuridik shaxslar, shuningdek, ixtiyoriy ravishda yagona tashkilotda birlashish yoʻli bilan “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasida belgilangan tartibda ishtirok etuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻz zargarlik mahsulotlarini, shu jumladan qayta ishlashga berilgan xom ashyodan tayyorlangan zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda aksiz soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, daromad soligʻi, mulk soligʻi, yer soligʻi, davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga majburiy ajratmalar (yagona ijtimoiy toʻlov bundan mustasno) toʻlashdan 2022-yilning 1-yanvarigacha ozod etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3199-son qarori 9-bandining uchinchi xatboshidagi “boʻshagan mablagʻlarni ishlab chiqarishni rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga, shuningdek, aylanma mablagʻlarni toʻldirishga maqsadli yoʻnaltirilsin” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro ijobiy tajribani tahlil qilish asosida Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini uch oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-mart,
PQ-3577-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 07/20/3577/0871-son)