Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati aktivlaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvolini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyundagi 477-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek, “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, binolari hamda inshootlaridan yanada samarali va oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Oʻzagrosugʻurta” AJ deb ataladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzagrosugʻurta” AJ binolari va inshootlarini yalpi xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha respublika mintaqalarida foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan obyektlar mavjudligi aniqlanganligi, kelgusida ulardan samarali foydalanish yuzasidan takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzagrosugʻurta” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining:
“Oʻzagrosugʻurta” AJning 1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan obyektlarini ommaviy savdolarda xususiy mulk etib sotish, sotishdan tushadigan mablagʻlarni jamiyatning moliyaviy ahvolini yaxshilashga, shuningdek, jamiyat filiallarining maʼmuriy binolarini taʼmirlashga va ularni obodonlashtirishga maqsadli yoʻnaltirish;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha obyektlarni kelgusida samarali foydalanish uchun ularni davlat mulki sifatida tezkor boshqarish huquqi bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Oʻzagrosugʻurta” AJ:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-ilovasiga* kiritilgan obyektlarni baholash va ommaviy savdolarga qoʻyish jadvalini ikki hafta muddatda tasdiqlasin;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
tegishli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ushbu qarorning 2-ilovasida* koʻrsatilgan obyektlarning berilishi va qabul qilib olinishini bir oy muddatda taʼminlasin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qarorning 2-ilovasida* koʻrsatilgan obyektlarni oʻtkazish “Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar hisobiga, obyektlarni oʻtkazish sanasidagi ularning balans qiymati summasi boʻyicha amalga oshiriladi.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. “Oʻzavtosanoat” AJ “Oʻzagrosugʻurta” AJga sugʻurta sohasidagi oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha tadbirlar doirasida keladigan xorijiy mehmonlarga transport xizmati koʻrsatish uchun, sotib olish yuzasidan shartnoma tuzish yoʻli bilan, bitta “Malibu” markali avtotransport vositasi ajratilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-sentabr,
757-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2018-y., 09/20/757/0844-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2021-y., 09/21/727/1123-son)