Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Farg'ona kimyo zavodi” MChJ mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Farg'ona kimyo zavodi” MChJning ishlab chiqarish quvvatlarini ish bilan taʼminlash, qoʻshimcha eksportini tashkil etish va valyuta tushumini koʻpaytirishni taʼminlash, respublika iqtisodiyotining oʻzaro bogʻliq tarmoqlarida ish bilan bandlikni oshirishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2017-yilda paxta linti ishlab chiqarish va uni respublika korxonalariga yetkazib berish balansiga muvofiq “Farg'ona kimyo zavodi” MChJga toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha 15,0 ming tonna hajmida paxta linti yetkazib berish nazarda tutilgan;
2017-yil yanvar — aprel oylari davrida “Oʻzpaxtasanoat” AJ korxonalari tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha realizatsiya qilinmagan hajmlar hisobiga birja savdolari orqali 3,75 ming tonna paxta linti belgilangan tartibda realizatsiya qilingan;
2017-yil oxirigacha “Farg'ona kimyo zavodi” MChJga toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha 11,25 ming tonna paxta linti yetkazib berish taʼminlanadi, shu jumladan ulardan 7,5 ming tonna paxta sellyulozasi ishlab chiqariladi, ularning 2,0 ming tonnasi atsetat ipi ishlab chiqarish uchun “Fargʻanaazot” AJga yetkazib beriladi va 5,5 ming tonnasi eksport qilinadi.
2. Belgilansinki, “Farg'ona kimyo zavodi” MChJga paxta linti yetkazib berish “Oʻzpaxtasanoat” AJning tegishli hududiy filiallari bilan tuziladigan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha quyidagi hajmlarda amalga oshiriladi:
3,0 ming tonnasi — toʻlov kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha ekvivalentdagi milliy valyutaga, bir tonnasi uchun 400 AQSh dollaridan;
8,25 ming tonnasi — erkin konvertatsiya qilinadigan valyutaga, bir tonnasi uchun 400 AQSh dollaridan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Farg'ona kimyo zavodi” MChJ Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda “Farg'ona kimyo zavodi” MChJ mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirishni taʼminlaydigan hamda sellyuloza ishlab chiqarish tannarxini pasaytiradigan tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-may,
322-son