O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda g‘azani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan 2017-yil Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida paxtachilik yo‘nalishidagi 629 ta fermer xo‘jaligining 1060 ta konturidagi 18700 gektar maydonga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnoma rejasi 50650 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat o‘rnatilmagani, mutasaddi idoralar rahbarlarining o‘z vazifalarini tegishli darajada bajarmagani natijasida shartnoma rejasi 69,1 foizga bajarilgan yoki 15660 tonna paxta xomashyosi kam topshirilishi sababli 29,8 mlrd. so‘m daromad olinmay qolgan.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilik ishlarining talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi natijasida:
birinchidan, g‘azani ball boniteti past (37 — 41), suv bilan yetarli ta’minlanmagan yerlarga (22 — 25 ts/ga) joylashtirilishi oqibatida 4352 gektar maydondan atigi 15 sentnerdan hosil olingan va har gektardan o‘rtacha 1 mln.so‘mdan daromad olinmay qolgan;
ikkinchidan, meliorativ holati og‘ir bo‘lgan 1014 gektar maydonda chigit ekish tadbirlari kechiktirilganligi oqibatida 1200 tonna paxta hosili yetishtirilmagan;
uchinchidan, tumanda 46,1 km. sug‘orish tarmoqlari (lotok ariqlar) yaroqsiz holatga kelganligi sababli 51 ta fermer xo‘jaligining 1200 gektar maydoni suv bilan umuman ta’minlanmaganligi oqibatida gektariga o‘rtacha rejalashtirilgan 25 sentner o‘rniga 14,8 sentner hosil olinib, 1800 tonna paxta hosili yo‘qotilgan;
to‘rtinchidan, tumandagi 140 ta fermer xo‘jaligining 2700 gektar g‘o‘za maydoni umuman yagana qilinmagani, 2000 gektar g‘o‘za maydonida o‘rgimchakkana va ko‘sak qurti tarqalishiga yo‘l qo‘yilgani hamda zararkunandalarga qarshi kurash choralari yetarli darajada tashkil etilmagani oqibatida 1000 tonna kam hosil olingan;
beshinchidan, tumandagi mavjud yuqori unumli haydov traktorlarining 30 tasi ta’mirtalab, shuningdek, 24 ta haydov va 99 ta chopiq traktorlari, 50 ta kultivatorlar yetishmasligi agrotexnika tadbirlarini kechiktirib o‘tkazilishiga olib kelgan.
Yuqorida qayd etilgan qo‘pol agrotexnik xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va 2018-yilda erdan unumli foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida:
paxta yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l quyilgani, g‘o‘za parvarishida agrotexnika tadbirlarni belgilangan muddatda sifatli o‘tkazilmagani uchun Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimi A. Aripov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani inobatga olinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida debitor-kreditor qarzdorliklar o‘sishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B. Doniyorov ogohlantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish tavsiya etilsin.
3. Mavjud qarzdorliklarni 2018-yilning 1-apreliga qadar undirish ta’minlanmagan taqdirda, 4 ta sektor rahbarlari ularga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha bo‘lgan intizomiy jazo choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
4. Quyidagilar:
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi fermer xo‘jaliklariga yangi haydov va chopiq traktorlari, kultivatorlar, chigit ekish seyalkalari, omochlar, purkash moslamalari (OVX) hamda tirkamalar yetkazib berishning 2018-yilga mo‘ljallangan prognoz rejasi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi barcha toifadagi paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar o‘rtasidagi debitor va kreditor qarzdorliklarni bartaraf etish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sog‘in sigirlar hamda asalari boqishni tashkil etishning prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alla ekiladigan maydonlar konturlarining dala chetlariga, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘ylariga ekiladigan qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 5 va 5a-ilovalarga muvofiq;
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasiga fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Do‘stlik tumanida tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarning samarali joylashtirilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xo‘jaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida joylarda seminarlar o‘tkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Jizzax viloyati hokimligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borilishi belgilab qo‘yilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev hamda Jizzax viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi E.A. Soliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-mart,
166-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/166/0821-son)