Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 282 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligi tomonidan 5050 gektar maydonga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 9090 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan yetarli darajada nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi oqibatida, bir qator fermer xoʻjaliklari jami 385 tonna paxta xom ashyosini kam topshirib, 175 mln soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab doirasida yoʻlga qoʻyilmaganligi, natijasida:
birinchidan, tumandagi M. Abdullayev, Doʻstlik bayrogʻi va Toshkent muqobil mashina-tarktor parklari hududlaridagi gʻoʻza maydonlarida agrotexnika tadbirlarining oʻz muddatlarida oʻtkazilishiga yetarlicha eʼtibor berilmaganligi, fermer xoʻjaliklari dalalarida ishchi kuchini kamligi, meʼyor boʻyicha texnika yetishmasligi, begona oʻtlardan tozalash va sugʻorish ishlarining kech oʻtkazilishi oqibatida paxta hosili yoʻqotilgan;
ikkinchidan, ball boniteti past, suv bilan yaxshi taʼminlanmagan, meliorativ holati yomon va kam hosilli 102 gektar yer maydoniga chigit ekilganligi sababli 192 tonna paxta hosili yoʻqotilgan;
uchinchidan, tumanda 5 ta yuqori unumli haydov va 6 ta chopiq traktorlari, 1 ta kultivator, 1 ta chigit ekish seyalkasining yetishmasligi sababli 213 gektar maydonda shudgorlash, gʻoʻza qator oralariga ishlov berish, mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ishlari muddatidan kechiktirib sifatsiz oʻtkazilgan va paxta hosili yoʻqotilgan.
Yuqoridagi kabi kamchiliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda fermer xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan samarali foydalanishda sektorlar rahbarlari, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida:
paxta hosilini yetishtirish va uni yigʻib-terib olishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, gʻoʻza parvarishida agrotexnika tadbirlari belgilangan muddatda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tuman hokimi B. Yangibayev ogohlantirilsin;
paxta hosilini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida debitor-kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari K. Xodjametov ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga nisbatan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida mavjud boʻlgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirish boʻyicha 4 ta sektor rahbarlari oʻrnatilgan tartibda zarur choralarni koʻrsinlar.
4. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanidagi fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikasi va mexanizmlari yetkazib berishning 2018-2019-yillarga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanidagi barcha toifadagi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi kreditor qarzdorliklarini undirishning reja-jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqarida qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlar va issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigir hamda asalari boqishni tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va gʻalla ekinlari ekiladigan yer maydonlari atroflaridagi dala chetlarining hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasiga mavjud qarzdorliklarni belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilning 15-martiga qadar Shumanay tumanida 2018-yil hosili uchun ekiladigan ekinlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda oqilona joylashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilda fermer xoʻjaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish hamda agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan 2018-yilning mart oyida tumanlarda fermer xoʻjaliklari uchun koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tumandagi 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlarini eshitib borsin hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayevga axborot bersin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat kilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
162-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/162/0819-son)