Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-sonli qaroriga asosan Chinoz tumanida 268 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarining 1236 ta konturidagi 7075 gektar maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 19200 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi natijasida shartnomaviy reja 76,3 foizga bajarilgan yoki 4542,9 tonna paxta xom-ashyosi kam topshirilishi natijasida 8,6 mlrd. soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi natijasida:
birinchidan, gʻoʻzani ball boniteti past (32 — 43), suv bilan yetarli taʼminlanmagan va kam hosilli (20 — 25 ts/ga) erga joylashtirish oqibatida 1121 gektar maydonlardan bor yoʻgʻi 16,5 sentner hosil olingan va har gektaridan oʻrtacha 1,1 mln.soʻm zarar koʻrilgan;
ikkinchidan, joriy yilda tumandagi 26 ta fermer xoʻjaliklarining 187 gektar maydonida oʻrgimchak kana, 18 ta fermer xoʻjaliklarining 289 gektar gʻoʻza maydonlarida koʻsak qurti tarqalib, tizimli kurash choralarini qoʻllashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi oqibatida jami 1569,9 tonna paxta hosili yoʻqotilgan;
uchinchidan, Suv isteʼmolchilari uyushmasi va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi nasos stansiyalari orqali sugʻoriladigan 56 ta fermer xoʻjaliklarining 14 tasi vegetatsiya davrida meʼyordagi suv bilan taʼminlanmaganligi oqibatida 654 tonna, yaroqsiz holga kelgan 3200 metr uzunlikdagi lotoklarning kerakli miqdordagi suvni oʻtkaza olmaganligi hisobidan 336 gektar gʻoʻza maydoni mavsumda yetarli suv bilan taʼminlanmadi, natijada 11 ta fermer xoʻjaligida 212 tonna, jami 866 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
toʻrtinchidan, tumandagi mavjud 227 ta qishloq xoʻjaligi texnikalarining 67 tasi taʼmirtalab, shuningdek, 25 ta haydov va 43 ta chopiq traktorlari, 43 ta kultivatorlar, jami 111 ta texnikalar yetishmaydi. Xususan, 40 ta haydov traktorlarining 10 tasi eskirganligi sababli shudgorlash sifatsiz va sayoz oʻtkazilgan, 27 ta fermer xoʻjaliklarida kultivatorlarning yetishmasligi agrotexnik tadbirlarni kechikishiga olib kelgan.
Yuqoridagi kabi qoʻpol agrotexnik xatoliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda erdan samarali foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati Chinoz tumanida:
paxta yetishtirish va uni yigʻib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi A. Madiyevga “hayfsan” eʼlon qilinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar oʻrtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh. Mamajonov ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Mavjud qarzdorliklarning 2018-yilning 1-apreliga qadar undirilishini taʼminlamagan taqdirda 4 ta sektor rahbarlariga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha boʻlgan intizomiy jazo choralari koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
4. Quyidagilar:
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi fermer xoʻjaliklariga yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-yilga moʻljallangan prognoz rejalari 2-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida barcha toifadagi paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigir hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va gʻalla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yil boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasiga fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Chinoz tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarni tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda samarali joylashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xoʻjaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xoʻjaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida joylarda seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Toshkent viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qoʻyilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
175-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/175/0824-son)