Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chorvoq suv ombori atrofini obodonlashtirish direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Chorvoq suv ombori atrofida obodonlashtirish, yangi oʻrmonzorlar barpo etish, yoʻl chetlarini koʻkalamzorlashtirish hamda ekologik holatni yaxshilash ishlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligining Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bogʻi muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi Chorvoq suv ombori atrofini obodonlashtirish direksiyasini (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻziga tegishli hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, yangi oʻrmonzorlar, shu jumladan yongoqmevali daraxtzorlar barpo etish hamda ularni qoʻriqlash va himoya qilish;
oʻrmonni tiklash va ihota oʻrmonzorlari barpo etish tadbirlarini amalga oshirish;
qulay iqlim sharoiti yaratish maqsadida yoʻllarning ikki chetida zamonaviy arxitektura-dizayn talablariga mos manzarali daraxt va buta koʻchatlarini ekish;
samarasiz foydalanilayotgan yerlarda terrasalar va terrasa maydonchalari qurish yoʻli bilan yangi oʻrmonzorlar barpo etish orqali transport vositalaridan chiqadigan gazlarning ekologiyaga taʼsirini kamaytirish;
madaniy oʻrmonzorlarni yuqori darajada koʻkaruvchanligiga erishish uchun tashkil etilgan suv toʻplash hovuzlaridan va tomchilatib sugorish tizimidan unumli foydalanish;
obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va ularni saqlash boʻyicha loyixa — smeta hujjatlarini tayyorlash;
togʻ qiyaliklari va jarliklarda eroziyaga qarshi dov-daraxtlar barpo etish ishlarini tashkil etish;
oʻrmonlarni yongʻindan asrash, oʻzboshimchalik bilan kesish va oʻrmon toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlari buzilishini oldini olish, oʻrmonlarni oʻrmon zararkunanda va kasalliklaridan himoya qilishni taʼminlash, oʻrmonni muhofaza qilishni takomillashtirish tadbirlarini amalga oshirish hamda bu borada targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish;
oʻrmonlarning sanitariya holatini yaxshilash maqsadida kasallangan dov-daraxtlarni parvarishlash uchun kesish va kesishdan keyingi tozalash ishlarini olib borish;
oʻrmon yerlarining meliorativ holatini yanada yaxshilash tadbirlarini amalga oshirish;
manzarali va mevali daraxtlar urugʻini tayyorlash, koʻchatini yetishtirish ishlarini yanada rivojlantirish.
3. “Chorvoq suv ombori atrofini obodonlashtirish direksiyasi” Davlat unitar korxonasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab koʻyilsinki:
Direksiya direktori Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bogʻi boshligʻi tavsiyasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublykasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Direksiya direktori lavozimi boʻyicha Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bogʻi boshligʻi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi “Oʻzavtosanoat” Aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzagrotexsanoatxolding” Aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Chorvoq suv ombori atrofini obodonlashtirish uchun talab etiladigan texnika va transport vositalari hamda tirkamalarni Direksiya hamda Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligiga 2-ilovaga muvofiq yetkazib berish choralarini koʻrsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga Direksiya buyurtmasiga asosan hududdagi mevali, manzarali daraxtzorlar va butalarda aniqlangan kasallik hamda zararkunandalarga qarshi belgilangan tartibda ishlov berib borish vazifasi yuklansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqgisodiyot vazirligi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining asoslangan hisob kitoblari boʻyicha Direksiya faoliyatini yuritishda talab qilinadigan avtomobil benzini va dizel yonilgisi sotib olish uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Chorvoq suv ombori atrofi hamda “Qaynarsoy qarorgohi” davlat muassasasi hududini va unga olib boruvchi avtomobil yoʻlining ikki chetida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-iyundagi 256-sonli qarori tahririda)
Direksiya — buyurtmachi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Yashilloyiha” loyihalash instituti” davlat muassasasi — bosh loyihachi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-iyundagi 256-sonli qarori tahririda)
Burchmulla oʻrmon xoʻjaligi — pudratchi tashkilot etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Quyidagilar Direksiyaning joriy faoliyati va Chorvoq suv ombori atrofi hamda “Qaynarsoy qarorgohi” davlat muassasasi hududini va unga olib boruvchi avtomobil yoʻlining ikki chetida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-iyundagi 256-sonli qarori tahririda)
Toshkent viloyati mahalliy budjeti;
tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar, xorijiy xukumatlar va donorlik tashkilotlarining grantlari, shuningdek homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Toshkent viloyati hokimligi koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlariga ajratiladigan mahalliy budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli ishlatilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
Direksiya Ustavi va shtatlar jadvali tasdiqlanishini;
Direksiyaning Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bogʻi maʼmuriy binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini taʼminlasin;
Chorvoq suv ombori atrofini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlasin va uni amalga oshirshi choralarini koʻrsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-dekabr,
986-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2017-y., 09/20/986/0805-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)