O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YAPONIYA HUKUMATI TOMONIDAN BERILAYOTGAN NOLOYIHA TUSDAGI BEG‘ARAZ YORDAMDAN SAMARALI FOYDALANISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan noloyiha tusdagi 950 mln. yen miqdoridagi beg‘araz yordamdan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri E.M. G‘aniyev Almashuv notasini va boshqa qo‘shimcha hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga — noloyiha tusdagi beg‘araz yordam mablag‘larini olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun Almashuv notalari va qo‘shimcha hujjatlarda nazarda tutilgan barcha tartibotlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan beg‘araz yordamga vositachilik yig‘imlari undirmasdan hisob-kitob xizmati ko‘rsatish;
noloyiha tusdagi beg‘araz yordamni oluvchi O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlariga — Almashuv notalari va qo‘shimcha hujjatlarda nazarda tutilgan qoidalar va tartibotlarni so‘zsiz bajarish yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, Almashuv notalari imzolangandan keyin ikki hafta muddatda Yaponiya tomoni bilan birga beg‘araz yordam doirasida tomonlar ma’qullagan nomenklatura bo‘yicha tovarlar va asbob-anjomlar oluvchi O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari ro‘yxatini belgilasin.
4. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan beg‘araz yordam doirasida import tovarlar va asbob-anjomlar oluvchi O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari:
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “O‘zsanoatmashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi bilan grant mablag‘larni o‘zlashtirish yuzasidan shartnoma tuzsinlar;
xarid qilinayotgan tovarlar va asbob-anjomlarning Almashuv notalari imzolangan kundagi birjadan tashqari valyuta bozori kursi bo‘yicha hisoblab chiqilgan qiymatiga teng bo‘lgan milliy valyutadagi summaning Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishini ta’minlasinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga har oyda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan beg‘araz yordam doirasidagi loyihalarning amalga oshirilishi to‘g‘risida axborot taqdim etsinlar.
5. Beg‘araz yordam doirasida O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinayotgan asbob-uskunalar, mahsulotlar va xizmatlar bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlar to‘lashdan ozod qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi beg‘araz yordam oluvchilarning buyurtmanomalariga ko‘ra loyihalarning xorijiy ishtirokchilari uchun kirish vizalarining konsullik yig‘imlarini undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi beg‘araz yordam oluvchilarning buyurtmanomalariga ko‘ra xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishi va ularning muddatlari uzaytirilishi, shuningdek ularni yashash joylarida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddatining uzaytirilishini davlat boji undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. Noloyiha tusdagi beg‘araz yordam mablag‘larining Almashuv notasi imzolangan kundan e’tiboran 12 oy mobaynida foydalanilmagan qismi va ularga qo‘shilgan foizlar Yaponiya Hukumatining bildirishnomasiga muvofiq ravishda kechiktirmay Yaponiya tomoniga qaytarilishi shartligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 15-fevral,
54-son