O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASINING DON VA ShOLINI QAYTA IShLASh KORXONALARINI VAQTINChA TO‘XTATIB QO‘YISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida vujudga kelgan ekologik vaziyat va suv tanqisligini e’tiborga olib hamda “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi don va sholini qabul qilish va qayta ishlash korxonalarining zararsiz ishlashini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishilgan “Xo‘jayli-guruch”, “Qoraboyli-guruch”, “Qonliko‘l guruch zavodi”, “Beruniy-don” va “Qorao‘zak-don” aksiyadorlik jamiyatlarining asosiy fondlarini 2001-yil 1-oktabrdan 2002-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda vaqtincha to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi (Najmiddinov) korxonalarning vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan barcha asosiy fondlarining but saqlanishi va foydalanishga shay turishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Obidov) “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi (Najmiddinov) bilan birgalikda bo‘shab qolayotgan xodimlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashtirilishi va ijtimoiy muhofaza qilinishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Nurmurodov) va Davlat soliq qo‘mitasi (Xo‘jayev) asosiy ishlab chiqarish fondlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish davrida ko‘rsatib o‘tilgan korxonalarga qonun hujjatlariga muvofiq soliq imtiyozlari bersin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 6-fevral,
49-son