Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qoʻqon superfosfat zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish quvvatlarini yanada modernizatsiya qilish, kengaytirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “Indorama Holdings BV” (Niderlandiya) kompaniyasi bilan “Qoʻqon superfosfat zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish quvvatlarini yanada modernizatsiya qilish, kengaytirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) yuzasidan 2019-yilning 24-mayida investitsiya kelishuvi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiya kelishuviga muvofiq “Indorama Holdings BV” “Qoʻqon suprefosfat zavodi” AJning ustav fondidagi davlatning 70,54 foiz va “Oʻzkimyosanoat” AJning 25,0 foiz ulushlarini 4,3 million AQSh dollariga quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni olgan holda sotib oladi:
investitsiya loyihasining I-bosqichini moliyalashtirish maqsadida oʻz kafolati ostida olinadigan kreditlar va toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar hisobidan kamida 30 million AQSh dollarini jalb etish;
mavjud ish oʻrinlari va “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJning faoliyat turini saqlab qolish;
birinchi navbatda, respublika qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning fosforli oʻgʻitlarga, shuningdek, yangi kimyoviy mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish;
I-bosqichni muvaffaqiyatli amalga oshirish natijalariga koʻra II-bosqich doirasida kamida 40 million AQSh dollari miqdoridagi toʻgʻridan toʻgʻri investsiyalarni jalb etish;
superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 63 ming tonna 100 foiz foydali modda hisobida oshirish (I-bosqich) va yangi mahsulotlar ishlab chiqarish (II-bosqich).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda “Indorama Holdings BV” kompaniyasi tomonidan I-bosqichni amalga oshirish natijalari boʻyicha taqdim etilgan mustaqil auditorlik tashkilotining tegishli hisobotlaridan kelib chiqib, kelgusida II-bosqichni amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiya kelishuvida nazarda tutilgan shartlarning I-bosqichi muvoffaqiyatli amalga oshirilgandan soʻng “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ aksiyalarining 95,54 foizini tasarruf etish huquqini “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga qonunchilikda belgilangan tartibda berishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
investitsiya kelishuviga muvofiq investor tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning soʻzsiz bajarilishi yuzasidan nazorat oʻrnatsin;
“Indorama Holdings BV” kompaniyasining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilishining qabul qilib olinishini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va investitsiya kelishuvi talablariga muvofiq amalga oshirilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi v.b J.T. Mirzamaxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-may,
296-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 09/20/296/0615-son)