Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Orol dengizining suvi qurigan tubidan koʻtarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy taʼsirini kamaytirish, ushbu hududlarda choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlari barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Orolboʻyi mintaqasida 2020-yilning bahor va kuz-qish mavsumlari davomida jami 700 ming gektar maydonda koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamda ushbu tadbirlarga 2593 nafar ishchi-xodimlar, 4 ta AN-2 rusumli samolyot, 2 ta deltaplan va 330 ta turli texnikalar jalb etilishi belgilangan.
Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga jalb etilgan maxsus texnikalarni yoqilgʻi-moylash mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1106-F-son farmoyishiga asosan Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni tiklash maqsadida Orol dengizining suvi qurigan hududida oʻrmon-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligiga 3,0 ming tonna dizel yoqilgʻisini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 17,8 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilganligi;
ajratilgan mablagʻlar hisobiga 2019-yil bahor va kuz-qish mavsumlarida mazkur hududda qishloq xoʻjaligi texnikalari yordamida 500 ming gektardan ortiq maydonda oʻrmon-melioratsiya tadbirlari amalga oshirilganligi va bunga oʻrtacha birja narxlarida 2,1 ming tonna dizel yoqilgʻisi xarid qilinganligi;
2020-yilning bahor va kuz-qish mavsumlari davomida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun jalb etilgan texnikalarni qoʻshimcha 900 tonna dizel yoqilgʻisi bilan taʼminlash zarurligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish ishlari doirasida dizel yoqilgʻisini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 8 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Energetika vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish ishlarida qatnashayotgan texnikalar uchun 2020-yil 10-maydan boshlab taqsimlanmagan zaxira hisobidan 900 tonna dizel yoqilgʻisi ajratsin;
ajratilgan dizel yoqilgʻisi toʻgʻridan toʻgʻri tuzilgan shartnomalar asosida oʻtgan chorakda birja savdolari natijalariga koʻra shakllangan oʻrtacha birja narxlarida berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha belgilangan tartibda shartnomalarni ikki kun muddatda rasmiylashtirsin;
Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish ishlari doirasida olingan dizel yoqilgʻisi maqsadli ishlatilishini taʼminlasin.
5. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-may,
235-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/10/235-F/0549-son)