Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
[Koʻchirma]
Toshkent shahrida boʻsh turgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish asosida ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Chorsu maydoni, 3a-uy manzilidagi “Toshkent savdo markazi” MChJga operativ boshqaruv huquqi bilan tegishli boʻlgan savdo markazining bino va inshootlarini (keyingi oʻrinlarda — Obyekt) belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan baholash tashkilotining hisobotiga koʻra, Obyekt 303,5 mlrd soʻmga baholanganligi hamda mazkur baholash hisoboti ekspertiza natijasiga asosan haqqoniy deb topilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Obyektning 303,5 mlrd soʻm miqdoridagi boshlangʻich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida savdoga qoʻyilishini taʼminlasin.
Bunda Obyekt ikki oy davomida “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida sotilmagan taqdirda, uni sotish Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-may,
232-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2020-y., 09/20/232-F/0544-son)