Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Qurilish vazirligining Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mustaqillik shoh koʻchasi, 63-uy manzilida joylashgan Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati binolarini (keyingi oʻrinlarda — obyekt) rekonstruksiya qilish hamda jihozlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin,
2. Obyektni rekonstruksiya qilish hamda jihozlash boʻyicha Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin.
3. Belgilansinki:
obyektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish xarajatlari Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
obyektni rekonstruksiya qilish hamda jihozlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi:
2020-yil 1-sentabrga qadar obyektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazish ishlarini yakuniga yetkazsin;
loyiha-smeta hujjatlarining texnik topshirigʻini sifatli ishlab chiqishda Davlat statistika qoʻmitasining boʻlinmalarini mavjud maydonlardan unumli foydalanilgan holda optimal joylashtirsin;
binodan foydalanish sifatini oshirish, qurilish ishlari tannarxining pasayishiga taʼsir qiluvchi qurilish materiallaridan foydalanishga eʼtibor qaratsin;
loyiha-smeta hujjatlarining texnik topshirigʻini ishlab chiqishda Davlat statistika qoʻmitasi bilan kelishsin;
2022-yil 1-iyunga qadar obyektni rekonstruksiya qilish hamda jihozlash ishlari tugallanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Toshkent shahar hokimligiga obyektni rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin.
6. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-aprel,
228-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2020-y., 09/20/228-F/0513-son)