Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida” 2019-yil 23-oktabrdagi PQ-4495-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumanida barpo etilayotgan “Gʻalaba bogʻi” majmuasining qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining barpo etilayotgan “Gʻalaba bogʻi” majmuasi uchun bronzadan ishlangan urush qahramonlari obrazi aks ettirilgan 14 ta askar va barelyeflarni (keyingi oʻrinlarda — yuk) Xitoy Xalq Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanganligi;
2020-yil 17-aprel, 19-aprel, 22-aprel va 24-aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining yuk havo kemasida “Toshkent — Pekin — Urumchi — Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha tasdiqlangan reyslar orqali Xitoy Xalq Respublikasidan yuk olib kelinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu farmoyishda nazarda tutilgan yukni Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelish uchun sarflangan xarajatlarni asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Mudofaa vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab bersin.
3. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Qurbonov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-aprel,
221-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/221-F/0504-son)