O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida
1. Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyaga (1990-yil 26-iyun, Istanbul) uning quyidagi ilovalarini qabul qilib qo‘shilinsin:
A-ilova. “Vaqtincha olib kirish hujjatlari to‘g‘risida (A.T.A karnetlari va C.P.D karnetlari)”;
V.1-ilova. “Ko‘rgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar yoki shu kabi tadbirlarda namoyish qilish yoxud foydalanish uchun tovarlar to‘g‘risida”;
V.2-ilova. “Professional asbob-uskuna to‘g‘risida”;
V.3-ilova. “Tijorat operatsiyasi munosabati bilan olib kirilgan konteynerlar, poddonlar, o‘ramlar, namunalar va boshqa tovarlar to‘g‘risida”;
V.5-ilova. “Ta’lim, ilmiy yoki madaniy maqsadlarda olib kirilgan tovarlar to‘g‘risida”;
V.6-ilova. “Sayohatchilarning shaxsiy buyumlari va sport maqsadlarida olib kirilgan yuklarga tegishli ilova”.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilansin;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi hujjatlarni berish uchun mas’ul bo‘lgan va vaqtincha olib kirish shartlari buzilgan taqdirda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha kafolatlovchi vakolatli tashkilot etib belgilansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qo‘shilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida, vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi hujjatlarni berish uchun mas’ul bo‘lgan va vaqtincha olib kirish shartlari buzilgan taqdirda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha kafolatlovchi vakolatli tashkilot to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yo‘llasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi ikki oy muddatda Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi konvensiyani (1990-yil 26-iyun, Istanbul) qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirlik hamda idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlasinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-aprel,
PQ-4694-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.04.2020-y., 07/20/4694/0492-son)