Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatida “Invest Village” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent viloyatida qurilish va obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga chet el investorlari uchun qulay shart-sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy shaharcha tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Toshkent viloyati Qibray tumani hokimining 2013-yil 18-iyuldagi 2280-son qaror bilan “Super Garden” MChJga Toshkent viloyati, Qibray tumani, Tuzel QFY, Tinchlik koʻchasida meva, rezovar meva yetishtirish va uzumchilikni rivojlantirish uchun 49 yilga 40 gektar qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer uchastkasi (keyingi oʻrinlarda yer uchastkasi deb ataladi) ajratilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, katografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzdaverloyiha” institutining “Super Garden” MChJga ajratilgan yer uchastkasining ball boniteti 53,2 ballga tengligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
“Super Garden” MChJga ajratilgan yer uchastkasida Turkiyaning “Toleza Tekstil Sanayi Iç ve Diş Tic. Ltd. Şti.” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 25 mln AQSh dollarilik, shundan 20 mln AQSh dollari toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga “Invest Village” investitsiya loyihasi amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Super Garden” MChJga ajratilgan yer uchastkasida Turkiyaning “Toleza Tekstil Sanayi Iç ve Diş Tic. Ltd. Şti.” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 25 mln AQSh dollarilik xorijiy investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Toshkent viloyati hokimligi “Super Garden” MChJga ajratilgan yer uchastkasida xorijiy investitsiya hisobiga zamonaviy “Invest Village” loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasi toifasini aholi punktlarining yerlari toifasiga oʻzgartirish boʻyicha tegishli qaror qabul qilsin.
4. Belgilansinki, yer uchastkasida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun:
Turkiyaning “Toleza Tekstil Sanayi Iç ve Diş Tic. Ltd. Şti.” kompaniyasi tomonidan 20 mln AQSh dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi va 100 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi;
“Super Garden” MChJ tomonidan 5 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlar kiritiladi;
loyiha-smeta hujjatlari asosida 2020-2021-yillarda investitsiya mablagʻlari toʻliq oʻzlashtiriladi va foydalanishga topshiriladi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quriladigan uy-joylarning 5 foizi Toshkent viloyati hokimligiga beriladi.
5. Toshkent viloyati hokimligi:
“Toleza Tekstil Sanayi Iç ve Diş Tic. Ltd. Şti.” kompaniyasi hamda “Super Garden” MChJ tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihasini belgilangan muddatda foydalanishga topshirilishi boʻyicha tizimli monitoring olib borsin;
investitsiya loyihalari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan va obyektlar foydalanishga topshirilmagan taqdirda ajratilgan yer maydonini belgilangan tartibda davlat zaxirasiga qaytarish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi zamonaviy “Invest Village” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari tegishli organlarda ekspertizadan oʻtkazilishini va qurilayotgan obyektlarda qurilish-montaj ishlari bajarilishi hamda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy davlat nazorati olib borilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Toshkent viloyati hokimi R.K. Xolmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-aprel,
242-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2020-y., 09/20/242/0468-son)