Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlarining foydalanilmayotgan va ixtisosli boʻlmagan aktivlaridan samarali foydalanish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning foydalanilmayotgan va ixtisosli boʻlmagan aktivlaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda Xorazm viloyati Gurlan tumanida paxta klasterini tashkil qilish orqali viloyatda toʻqimachilik sanoatini yanada rivojlantirish maksadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Muruvvat teks” MChJning Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Mustaqillik koʻchasi, 5-uy manzilida joylashgan Gurlan trikotaj fabrikasi hamda “Muruvvat teks Xorazm” shuʼba korxonasini (keyingi oʻrinlarda — mulkiy majmualar) belgilangan tartibda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali 119 mlrd. soʻm baholash qiymatida sotuvga qoʻyilganligi;
onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun talabgorlardan arizalar kelib tushmaganligi sababli mulkiy-majmualar bugungi kunga qadar sotilmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Xorazm viloyat hokimligi, “Oʻzbekneftgaz” AJning mulkiy-majmualarni kelgusida belgilangan tartibda sotish uchun Agentlikka berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, mulkiy-majmualarni Agentlikka berish “Oʻzbekneftgaz” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini hamda oʻz navbatida “Muruvvat teks” MChJning ustav kapitalidagi “Oʻzbekneftgaz” AJga tegishli ulushini mulkiy-majmualarning balans (qoldiq) qiymati miqdoriga kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov va “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi M.R. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 13-mart,
147-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-martdagi 147-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-apreldagi 308-son qarorining 2-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining aktivlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-avgustdagi 685-son qaroriga 1-ilovaning 154-pozitsiyasi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2020-y., 09/20/147/0296-son)