Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida” 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qaroriga qoʻshimcha kiritish haqida
Birlashgan Arab Amirliklaridan mamlakatimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyatini inobatga olib, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy investorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida” 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarorining 5-ilovasiga izohga quyidagi mazmundagi 6-band qoʻshilsin:
“6. Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim 2020-yil 1-yanvardan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolariga nisbatan ham qoʻllaniladi. Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda amal qilish muddati 90 kundan kam boʻlmagan rezidentlik vizasining asl nusxasini taqdim etadilar”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-dekabr,
1050-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2019-y., 09/19/1050/4253-son)