Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
1. 2006-yil 28-noyabr kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining gumanitar hamkorlik boʻyicha kengashi toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi yuqorida koʻrsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani depozitariyga yuborsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan oʻrnatilgan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-dekabr,
PQ-4547-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2019-y., 07/19/4547/4206-son)