O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “G‘o‘za urug‘chiligi markazi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-martdagi 158-sonli “Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘zaning serhosil, ertapishar va kasalliklarga chidamli istiqbolli navlarini yaratish, yangi va istiqbolli g‘o‘za navlarining urug‘chilik ishlarini olib borish hamda elita va urug‘chilik xo‘jaliklarini yuqori sifatli original urug‘lik chigit bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat agrar universiteti huzurida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 22 nafardan iborat “G‘o‘za urug‘chiligi markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ekilgan yangi, istiqbolli va rayonlashgan g‘o‘za navlari bo‘yicha monitoring hamda keng sinovdan o‘tkazish ishlarini tashkil etish, Markazga ajratilgan yer maydonlarida to‘liq seleksion sxema asosida yangi g‘o‘za navlari seleksiyasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va rayonlashtirish;
Markazga ajratilgan yer maydonlarida to‘liq seleksion sxema asosida g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish va rayonlashtirish, qishloq xo‘jaligining turli ekinlari urug‘chiligini tashkil etgan holda almashlab ekish tizimini joriy etish va agrotexnologiyasini ishlab chiqish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;
dastlabki elita-urug‘chilik xo‘jaliklarida ko‘paytirilayotgan ertapishar, tola hosili va sifati yuqori bo‘lgan yangi va istiqbolli g‘o‘za navlarining original urug‘larini yetishtirish, urug‘chilik xo‘jaliklarida ko‘paytirilayotgan yangi va istiqbolli g‘o‘za navlari orasidan Toshkent viloyatining iqlim sharoitiga mos, ertapishar, tola hosildorligi va sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘za navlaridan yetarli miqdorda urug‘lik material yetishtirishni yo‘lga qo‘yish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi urug‘chilik klastyerlari hamda urug‘chilik xo‘jaliklarini belgilangan tartibda yuqori sifatli original urug‘lik chigit bilan ta’minlash, urug‘lik g‘o‘zalarining genetik (navdorlik) tozaligini baholash, sinovlardan o‘tkazish hamda ekinboplik sifatlarini aniqlash;
paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va paxta-to‘qimachilik klastyerlari mutaxassislari uchun seminar-treninglar tashkil etish, bakalavr, magistr, doktorantlarning amaliyoti hamda ilmiy tadqiqotlarini o‘tkazish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi elita laboratoriyalari va urug‘chilik xo‘jaliklarining texnik laborantlari hamda urug‘chi agronomlarini qayta tayyorlash;
davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan loyihalar hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari tanlovida ishtirok etish, sohaga doir dolzarb ilmiy-tadqiqot mavzularini asoslash va tanlovlarda qatnashish;
urug‘lik paxta va urug‘lik chigitlarning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash, xalqaro standartlar hamda texnik reglamentlarni faol joriy etish yo‘li bilan tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish tadbirlarini amalga oshirish;
sohaga ilg‘or xorijiy tajribalar, ilmiy, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish.
3. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;
urug‘lik paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga belgilangan tartibda ajratiladigan ustama haqlardan kelishuvga asosan olinadigan o‘tkazmalar;
shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Markazda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda zarur bo‘lgan zamonaviy laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalarini xarid qilish uchun Toshkent davlat agrar universitetiga 12,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati joriy yil yakuniga qadar ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha 7,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
5. Belgilansinki, Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat agrar universiteti rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod etiladi.
6. Toshkent davlat agrar universiteti bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda Markazning tuzilmasini;
Markazning ustavini, shuningdek, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlasin.
Markazni yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy kadrlar bilan to‘ldirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
7. Toshkent viloyati hokimligi o‘n kun muddatda Markazda tajriba sinovlarini o‘tkazish uchun viloyat hududidan 50 gektar sug‘oriladigan yer maydonining belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-noyabr,
942-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2019-y., 09/19/942/4609-son)