Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish injiniring kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 465-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-son Farmoniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda Injiniring kompaniyasi deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlarining bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda sport jihozlari va inventarlari bilan taʼminlash;
sport inshootlari qurilishida belgilangan tartibda pudratchi va loyiha tashkilotlarini tanlash, pudrat shartnomalarini tuzish, qurilish-tiklash ishlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
sport inshootlarining belgilangan istiqbolli rejalarda nazarda tutilgan muddatlarda foydalanishga topshirilishini taʼminlash;
loyiha yechimlarining samaradorligini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda arxitektura talablariga mos kelishini taʼminlash;
sport obyektlarini sport inventarlari bilan jihozlash;
xalqaro federatsiyalar (uyushmalar) talablariga javob beradigan sport inshootlarini barpo etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni (dizaynerlar, konstruktorlar, sport yoʻnalishlari boʻyicha boshqa mutaxassislar), pudratchi va loyiha tashkilotlarini shartnoma asosida jalb qilish;
amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalarini, sport inshootlarining namunaviy loyihalarini takomillashtirish maqsadida xorijiy tajribani oʻrgangan holda energiyatejamkor hamda bino va inshootlardan foydalanish samaradoriligini oshiradigan texnologiyalar va qurilish materiallarini qoʻllash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
3. Quyidagilar Injiniring kompaniyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport obyektlarini, jismoniy tarbiya va sport tizimining maʼmuriy binolarini va boshqa inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash qiymatidan ajratmalar;
xalqaro va xorijiy moliya institutlari, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Injiniring kompaniyasiga sport obyektlarini xalqaro federatsiyalar (uyushmalar) standartlariga hamda xalqaro musobaqalar oʻtkazish talablariga javob beradigan inshootlar qurilishini taʼminlash maqsadida, zarurat boʻlganda, sport obyektlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda xorijiy mutaxassislarni, jumladan, pudratchi va loyiha tashkilotlarini belgilangan tartibda jalb qilishga ruxsat berilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport obyektlarini jihozlash boʻyicha manzilli dasturi loyihasini har yili 1-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, mazkur maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida shakllantiradi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilangan tartibda 2019-yil 1-dekabrga qadar 2020-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan sport obyektlarida loyiha-smeta hujjatlari, qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari yuzasidan tuzilgan shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlarning Injiniring kompaniyasiga topshirilishini taʼminlasin.
7. Injiniring kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Toshkent shahar, A. Qodiriy koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
bir oy muddatda Injiniring kompaniyasining tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin;
Injiniring kompaniyasini malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-noyabr,
916-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/916/4034-son)