O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 1995-YIL 11-YANVARDAGI 11- SON QARORINI QISMAN O‘ZGARTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, bo‘lishlari, yuk olib o‘tishlari va undan chiqib ketishlari tartibi to‘g‘risida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qaroriga o‘zgartirish kiritilib, 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Avtomobil vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish hujjatlarini rasmiylashtirganlik uchun stavka hamda hududga kirganlik uchun olinadigan to‘lov, viza va boj yig‘imlaridan tashqari, 100 AQSH dollari miqdorida belgilansin.
Yig‘imlarni undirish bevosita bojxona postlarida bank bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi va olingan mablag‘lar AQSH dollarida Respublika yo‘l fondining valyuta schyotiga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish hujjatlarini rasmiylashtirish, hududga kirganlik uchun yig‘imlarning to‘langanligini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining bojxona xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilab qo‘yilsinki, tushgan valyuta mablag‘lari “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni tomonidan tranzit magistral yo‘llarni tuzatish va saqlash uchun chet ellarda ishlab chiqarilgan yo‘l texnikasi, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni sotib olish, shuningdek, chet ellarda yoki xorijiy firmalar mutaxassislarini respublikaga taklif etgan holda malakali kadrlar tayyorlash maqsadida foydalaniladi”.
12-band chiqarib tashlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 5-aprel,
121-son