Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Elchixonasining binolari kompleksini qurish va jihozlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi va Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari binolarini qurish uchun oʻzaro yer uchastkalari taqdim etish toʻgʻrisida 2018-yil 17-avgustda Toshkentda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda Bitim deb ataladi) amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tojikiston Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasiga Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Elchixonasining binolari kompleksini qurish va jihozlash uchun Dushanbe shahrida joylashgan umumiy maydoni 1,2 gektardan iborat yer maydoni ajratganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Elchixonasining elchixona binosi, fuqarolarni konsullik masalalari boʻyicha qabul qilish uchun alohida bino, elchi uchun qarorgoh, nazorat-oʻtkazish punktlari, muhandislik-texnik blok, sport inshootlari, 6 ta mashina uchun yopiq garaj, elchixona xodimlari va tashrif buyuruvchilar uchun ochiq avtoturar joy kabi obyektlardan iborat binolari kompleksini (keyingi oʻrinlarda kompleks deb ataladi) qurish va jihozlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Kompleksni qurish va jihozlash doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — buyurtmachi;
“OʻzshaharsozlikLITI” DUK — bosh loyihachi tashkilot;
“Trest-12” AJ — bosh pudratchi tashkilot;
2022-yil 1-oktabr — foydalanishga topshirish muddati etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
sugʻurta tashkiloti bilan kompleksni qurish va jihozlashga jalb etiladigan shaxslar Tojikiston Respublikasi hududida boʻlish davrida ularning hayoti va sogʻligini sugʻurtalash shartnomasi hamda kompleksni qurish va jihozlash davrida qurilish xavflarini sugʻurtalash shartnomalari tuzilishini;
kompleksni loyihalashtirish, qurish va jihozlashga jalb etiladigan shaxslar Tojikiston Respublikasining vakolatli organlarida oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazilishi va vaqtincha propiska qilinishini;
bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarga kompleksni qurish hamda jihozlash davomida safarbarlik ishlarini tashkil etishga koʻmaklashishni;
kompleksni qurish boʻyicha shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
5. Bosh pudratchi tashkilotga Tojikiston Respublikasi banklarida hisobraqamlar ochish va ajratilgan mablagʻlar doirasida xorijiy valyutani belgilangan tartibda xarid qilish hamda tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda, valyuta mablagʻlarini kompleksni qurish va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash (Tojikiston Respublikasi hududida olinadigan yigʻimlar, soliqlar, toʻlovlar, shuningdek, tovarlar va xizmatlar) uchun keyinchalik ushbu hisobraqamlarga oʻtkazishga ruxsat berilsin.
6. Buyurtmachi va bosh pudratchi tashkilotga valyuta mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish boʻyicha shaxsiy maʼsuliyat yuklansin. Bunda kompleksni qurish va jihozlash ishlari yakunlangach, shuningdek, Tojikiston Respublikasi banklaridagi hisobraqamlar yopilgandan soʻng bosh pudratchi tashkilot foydalanilmay qolgan valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga qaytarish uchun buyurtmachiga qaytarib beradi.
7. Bitimning 10-moddasiga muvofiq faqat kompleksni qurish va jihozlash uchun olib kiriladigan materiallar va uskunalar Tojikiston tomonidan barcha turdagi bojxona toʻlovlari va soliqlardan ozod etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi kompleksni qurish va jihozlash uchun zarur olib kiriladigan qurilish texnikasi, mashinalar va mexanizmlar, qurilish materiallari, uskunalar hamda boshqa tovarlarning bojxona bojlari undirilmasdan bojxonada tezkor rasmiylashtirlishini amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakillantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida kompleksni qurish va jihozlash uchun markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalarning tegishli limitlarini belgilangan tartibda nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi kompleks loyiha-smeta hujjatlari uch oy muddatda belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ buyurtmachi, bosh pudratchi va bosh loyihachi tashkilotlarning buyurtmanomalari boʻyicha:
kompleksni qurish va jihozlash uchun qurilish texnikasi, mashinalar va mexanizmlar, qurilish materiallari, uskunalar va boshqa tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab Tojikiston Respublikasiga olib oʻtilishi va qaytarib olib kelinishini;
kompleksni loyihalashtirish, qurish va jihozlash ishlarini bajarishga jalb etiladigan shaxslar uchun harakatlanish hujjatlari bron qilinishi va sotib olinishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi buyurtmachi, bosh pudratchi va bosh loyihachi tashkilotlarning buyurtmanomalari boʻyicha kompleksni qurish hamda jihozlash ishlarini bajarishda ishtirok etadigan shaxslarga chiqish hujjatlari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-sentabr,
785-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2019-y., 09/19/785/3767-son)