O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish to‘g‘risida
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, fizika, matematika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatish hamda iste’dodli yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:
fizika, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarni tanlash, ularga zamon talablari darajasida chuqurlashtirilgan bilim berish, oliy ta’lim tizimi uchun yuqori intellektual salohiyatli yoshlarni tayyorlash;
har bir iqtidorli o‘quvchining individual kamol topishi xususiyatlarini inobatga olib ularga professor-o‘qituvchilarni biriktirish, mustaqil ta’lim olish hamda ilmiy-ijodiy ish bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirish va istiqbolda rivojlantirish;
iqtidorli o‘quvchilarning respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini hamda sovrinli o‘rinlarni egallashini ta’minlash;
ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilar uchun yuqori sifatli ta’lim jarayonini tashkil etish;
ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion va samarali usullarini, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish;
yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni jalb etgan holda o‘qitiladigan umumta’lim fanlari bo‘yicha maxsus darsliklar, elektron o‘quv adabiyotlari, metodik ishlanmalar yaratish, o‘quvchilarning fan sirlarini chuqur o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi davlat umumta’lim muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga fizika-matematika yo‘nalishi bo‘yicha 60 nafar va kimyo-biologiya yo‘nalishi bo‘yicha 60 nafar o‘quvchi tegishlicha fizika-matematika va kimyo-biologiya fanlaridan o‘tkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi;
ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlar (shahodatnoma, attestat) beriladi;
ixtisoslashtirilgan maktab direktori Samarqand davlat universiteti rektorining tavsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining:
Samarqand shahar, Dahbed ko‘chasi, 45-uy manzilida joylashgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining bino va inshoatlarini tegishli hududi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktabga;
Samarqand shahar, Professorlar ko‘chasi, 51-uy manzilida joylashgan Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining binolarida tahsil olayotgan Samarqand bank kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirganlariga qadar ixtisoslashtirilgan maktabga berilayotgan binolarda;
Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq 2020-yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq ixtisoslashtirilgan maktabning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash loyihalari ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
6. Ixtisoslashtirilgan maktabning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash ishlari bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijasida aniqlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin hamda uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabni zarur o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash;
ixtisoslashtirilgan maktabga oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog kadrlarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
8. Samarqand viloyati hokimligi 2019-yil mahalliy budjet parametrlarida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabni joriy saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filialini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 28-maydagi 438-son qarorining 8-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov hamda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
682-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/682/3585-son)