Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatda sud-huquq sohasida keng koʻlamli institutsional islohotlar oʻtkazildi, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga, siyosiy va diniy qarashlaridan qatʼi nazar mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquq va erkinliklariga rioya etish, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi.
Bugungi kunda jinoyat-ijroiya qonunchiligini, shu jumladan ozodlikdan mahrum etish joylarida mahkumlarni saqlash shart-sharoitlarini yanada gumanizatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonunchilikni takomillashtirish Konsepsiyasi amalga oshirilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirok etishi boʻyicha cheklov bekor qilindi. Qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan 4 mingga yaqin ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlar afv etildi.
Shu bilan birga, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili, shuningdek, jamoatchilik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot natijalari mahkumlarning huquq va erkinliklarining kafolatlarini oshirishga qaratilgan ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada gumanizatsiya qilish, shuningdek, ijtimoiy moslashuvining natijadorligini taʼminlash zarurligini koʻrsatmoqda.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, shaxs va jamiyatga hurmat munosabatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan axloqan tuzatish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro maydonda ijobiy imidjini ilgari surish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani, Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini (keyingi oʻrinlarda ― 19-son JIEK) tugatish;
19-son JIEKning binolari, inshootlari va mavjud mol-mulklarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Nukus shahrida joylashgan 2-son tergov hibsxonasi balansiga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. 19-son JIEK xodimlari va harbiy xizmatchilarining egallab turgan lavozimi boʻyicha pul taʼminoti va ijtimoiy imtiyozlari mazkur qarorga muvofiq tashkiliy-shtat oʻzgarishlariga asosan ularning lavozimga qayta tayinlanishi, kontraktining tugatilishi yoki pensiyaga chiqishiga qadar saqlab qolinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
bir hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq tugatish komissiyasini tashkil etsin va 19-son JIEKni tugatish boʻyicha belgilangan tartibda kompleks tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshirsin;
bir oy muddatda 19-son JIEK mahkumlarini sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga yuborilishini tashkil etsin;
mahkumlarni yangi ozodlikdan mahrum etish joylariga koʻchirish vaqtida 19-son JIEK shaxsiy tarkibi oʻrtasida yuqori jangovar shaylikni va xizmat intizomiga rioya etilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-avgust,
PQ-4414-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2019-y., 07/19/4414/3510-son)