Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
1. 2019-yil 30-may kuni Urganch shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Moskva shahridagi Butunrossiya koʻrgazma markazi hududidagi 66-pavilyonda “Oʻzbekiston Respublikasi koʻrgazma madaniy markazi” ekspozitsion markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Toshkent shahar hokimligi yuqorida koʻrsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi va uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani Rossiya tomoniga yuborsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-iyul,
PQ-4405-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2019-y., 07/19/4405/3485-son)