Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida goʻsht-sut mahsulotlari yetishtirish yoʻnalishidagi agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jizzax viloyatida agrosanoat klasterini jadal rivojlantirish, naslli chorva mollari sonini, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan sifatli goʻsht-sut mahsulotlari va goʻsht mahsulotlari hajmlarini rejali koʻpaytirish, qoramollarning yangi nasllarini, shu jumladan goʻsht beradigan qoramollar boqishni oʻzlashtirish, eksport salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Delmor” (XXR) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) tomonidan:
Jizzax viloyatida goʻsht-sut yoʻnalishida yiliga 2,5 ming tonna goʻsht yetishtirish quvvatiga ega va qoramollar umumiy soni 10 ming boshni tashkil etadigan qiymati 100 mln AQSh dollari boʻlgan zamonaviy agrosanoat klasterini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihasi amalga oshirilayotganligi;
ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida “Jizzax organic” xorijiy korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Jizzax organic” MChJ XK deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining 2019-yilda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun umumiy maydoni 10 775 gektar boʻlgan yer uchastkalarini, shu jumladan Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlarida 8 964 gektar sugʻoriladigan yerlarni “Jizzax organic” MChJ XKga uzoq muddatli ijara huquqi asosida ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki, sugʻoriladigan yerlar investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan quyidagi investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan ajratiladi:
2019 — 2023-yillar mobaynida umumiy qiymati 100 mln AQSh dollariga teng boʻlgan investitsiyalar kiritish;
zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish va ozuqa ishlab chiqarish boʻyicha oʻz markazi, soʻyish sexi va biogaz qurilmalarini barpo etish;
faqat zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi va ilgʻor agrotexnologiyalardan, shu jumladan yerlarni lazer yordamida rejalashtirish va yangi seyalkalardan foydalanish;
ilmiy asoslangan toʻrt yillik almashlab ekishni joriy etgan holda, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yem-xashak boʻladigan navlari yetishtirilishini tashkil etish;
1000 ta yangi ish oʻrni tashkil qilish;
erlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish chora-tadbirlarini joriy qilish.
4. Jizzax viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi holati toʻgʻrisida har oyda axborot kiritsin;
investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda taqdim etilgan yer uchastkalari zaxira yerlarga qaytarilishini taʼminlasin.
5. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida:
“Jizzax organic” MChJ XKga — 2019-yil 1-sentabrgacha bir vaqtning oʻzida loyiha-smeta hujjatlarini (ishchi loyiha), shu jumladan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga;
“OʻzGAShKLITI” DUKka — mahalliy yoki shartli kordinatalar tizimlarida beriladigan yer uchastkalari boʻyicha topografik suratga olish materiallarini “Jizzax organic” MChJ XKga berishga ruxsat etilsin.
6. Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻztransgaz” AJ “Jizzax organic” MChJ XKga tashkil etilayotgan agrosanoat klasterini tashqi muhandislik hamda transport kommunikatsiyalariga ulashda zarur yordam koʻrsatsinlar.
7. Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
investor tomonidan loyiha va qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 25 foizi miqdorida yoʻnaltiriladigan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar;
xalqaro moliya institutlarining naslli qoramollar, yuqori texnologik import uskunalar, mashina va mexanizmlar, qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining 70 foizidan kam boʻlmagan miqdorda jalb etiladigan va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan kreditlari;
“Jizzax organic” MChJ XKning foizlar va komissiyalarni toʻlash, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB kreditlariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 5 foizi miqdoridagi oʻz mablagʻlari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-Farmoniga muvofiq xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga taqdim etilgan yuridik shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar “Jizzax organic” MChJ XKga ham tatbiq etiladi.
9. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 2023-yil 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda:
Oldingi tahrirga qarang.
a) “Jizzax organic” MChJ xorijiy mutaxassislar jismoniy shaxslar daromad soligʻini va ijtimoiy soliqni toʻlashdan;
(9-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)
b) “Jizzax organic” MChJ XK, Singapurning “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi (bosh pudratchi) va uning subpudratchi tashkilotlari:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha uskunalar, maxsus transport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, moddiy-texnika resurslari, xomashyo, material va oʻsimliklarni olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona yigʻimlardan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari);
(9-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)
respublikada akkreditatsiyadan oʻtgan tegishli sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan hollarda — import qilinadigan materiallar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, priborlar, ehtiyot qismlar va asboblarni majburiy sertifikatlashtirish tartibotlaridan ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga “Jizzax organic” MChJ XK buyurtmanomalari boʻyicha koʻp martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga “Jizzax organic” MChJ XK buyurtmanomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Jizzax organic” MChJ XKning buyurtmanomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini va mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan) jalb qilishga ruxsatnoma berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Jizzax viloyati hokimi E.A. Soliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-iyul,
619-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 09/19/619/3469-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)