Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona vodiysida tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-Tadbirlar toʻgʻrisida
Fargʻona vodiysida tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishning yanada samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5583-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “SFI Management Group” XK MChJ, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklarining “SFI Management Group” XK MChJ tomonidan boshqa investorlar bilan birgalikda:
asosan Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida boshqaruv kompaniyasi tomonidan jalb qilingan malakali investorlarning pul mablagʻlarini keyinchalik sanoat tarmoqlari, xizmat koʻrsatish sohalari, infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli biznes-loyihalarga, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining aylanma kapitalini moliyalashtirishga (keyingi oʻrinlarda istiqbolli biznes-loyihalar deb ataladi) sarflash uchun shakllantirish va jamlash faoliyatini amalga oshiradigan “Vodiy Investments” investitsiya kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya kompaniyasi deb ataladi);
investitsiya kompaniyasining investitsiya qoʻyilmalarini boshqaradigan, shuningdek, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda moliyalashtirish uchun istiqbolli biznes loyihalarni topadigan hamda shu jumladan, mustaqil maslahatchilarni jalb qilish orqali baholaydigan “Vodiy Investments Management” boshqaruv kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda boshqaruv kompaniyasi deb ataladi) taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
investitsiya va boshqaruv kompaniyalari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi;
investitsiya kompaniyasining taʼsischilari va malakali investorlari soni cheklanmaydi;
investitsiya kompaniyasi, boshqaruv kompaniyasi va malakali investorlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar faqat shartnoma asosida tartibga solinadi, uning shartlarini tomonlar mustaqil belgilaydi;
investitsiya kompaniyasi xoʻjalik subyektlari ustav kapitalidagi ulushlarni va qimmatli qogʻozlarni xarid qilish, investitsiya kompaniyasining xoʻjalik subyektlari ustav kapitalidagi ulushlarini mamlakatimiz va xorijiy investorlarga sotish, koʻchmas mulk va boshqa aktivlarni sotib olish orqali, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda investitsiya kiritish huquqiga ega.
3. “SFI Management Group” XK MChJga investitsiya va boshqaruv kompaniyalari bir oy muddatda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
4. “SFI Management Group” XK MChJ, “Olmaliq KMK” AJ va “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruv organlarining oʻz mablagʻlari hisobidan investitsiya kompaniyasiga boshlangʻich investitsiya qoʻyilmalarini yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari hokimliklari boshqaruv kompaniyasiga istiqbolli biznes-loyihalarni dastlab sifatli tanlab olish va taqdim etish, shuningdek, maʼqullangan biznes-loyihalarni amalga oshirish va monitoring qilishda koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Fargʻona vodiysidagi barcha tumanlarni (shaharlarni) qamrab olishni nazarda tutuvchi tasdiqlangan jadvallar asosida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini, jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng yoritish choralarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-iyun,
542-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 09/19/542/3342-son)