O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qaroriga muvofiq hamda respublika oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish tizimini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 42-modda) bilan tasdiqlangan Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 11 va 12-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Oliy ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
12. Xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Belgilangan tartibda taqdim etilgan suhbat natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish yuzasidan qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqaradilar”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-iyun,
517-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2019-y., 09/19/517/3320-son)