Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari tizimida ovqatlanishni tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-sentabrdagi 505-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralarda ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlarini koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ichki ishlar organlari tizimida ovqatlanishni tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
oshxonalar xodimlari sonini, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish va yetkazib berish xarajatlarini maqbullashtirish, tabiiy kamayish normalari doirasida nobudgarchiliklarni eng kam darajaga keltirish, taomlar turlarini xilma-xillashtirish va ovqat tayyorlash sifatini yaxshilash hamda boʻlinmalar faoliyatining samaradorligini oshirish imkonini beradigan autsorsing shartlarida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalari kursant va tinglovchilarining ovqatlanishini tashkil etish sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;
ovqatlanishni autsorsing shartlarida tashkil etish tartibini, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari, taʼlim muassasalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va davolash muassasalarida joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
autsorsing boʻyicha umumiy ovqatlanish korxonalari (keyingi oʻrinlarda autsorser deb ataladi) xizmatlariga haq toʻlash miqdorlari autsorserning barcha xarajatlarini (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari xamda asbob-uskunalarni taʼmirlash va ulardan foydalanish va boshqalar) oʻz ichiga oladigan 20 foizgacha ustama haq hisobga olingan holda, shartnoma tuzilishi sanasida oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi oʻrtacha bozor narxlari boʻyicha bir ovqatlanuvchiga tegishli kontingent uchun ovqatlanishning tasdiqlangan normasidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi;
autsorserga shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil egish uchun ijara shartnomasi doirasida vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonalarning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovi nol stavka boʻyicha belgilanadi;
autsorser shaxsiy tarkibga ovqat tayyorlash uchun foydalanadigan kommunal xizmatlar qiymati ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qoplanadi;
autsorsingning shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlari uchun narxlar qoidaga koʻra, koʻpi bilan bir oyda bir martda qayta koʻrib chiqilishi kerak;
autsorsing boʻyicha shartnomalar umumiy ovqatlanish sohasida katta ish tajribasiga, tegishli moliyaviy va logistika bazasiga ega boʻlgan talabgorlarga ustunlik berilgan holda, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan tuziladi;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek, texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlar talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi kerak boʻlgan ovqat tayyorlash va mahsulotlar sifati zarurat boʻlganda, boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb etilgan xolda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalari tomonidan nazorat qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
autsorsing tizimiga oʻtish munosabati bilan tejalgan pul mablagʻlarini, birinchi navbatda, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari kursant va tinglovchilari, shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning ovqatlanish sharoitlarini yaxshilashga yoʻnaltirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish boʻyicha autsorsing xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun ikki oy muddatda belgilangan tartibda kiritsin;
narxlarning asossiz oʻsib ketishiga va ovqat sifatining yomonlashishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalarining soʻrovi boʻyicha oziq-ovqatlarga amaldagi oʻrtacha bozor narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar muntazam taqdim etilishini;
autsorserlarga oziq-ovqat mahsulotlarini toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha bevosita fermer xoʻjaliklaridan, ulgurji savdo tashkilotlari va ularning vakillaridan sotib olishda har tomonlama yordam berilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-may,
379-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2019-y., 09/19/379/3099-son)